O‘zbekistonda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importi monopollashtirilganmi?

Jamiyat

image

Oxirgi paytda ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat, shu jumladan shakar, o‘simlik moyi, mandarin mahsulotlarining narxlari keskin oshishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Bunda ushbu bozorlarda faqat cheklangan ayrim tadbirkorlar monopollashgan holda faoliyat yuritayotgani aytilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi va tashkilot tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlaring tovar-xomashyo birjalaridagi hamda bozorlar va yirik savdo komplekslaridagi narxlarning doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, import asosida keltiriladigan mahsulotlar hajmi va korxonalar soni, ya’ni sog‘lom raqobat asosida keltirilishi yuzasidan qattiq nazorat o‘rnatilgan. Masalan, shakar mahsulotini 2019 yilda 84 ta tadbirkor 167 ming tonna, 2020 yilda 87 ta tadbirkor 334 ming tonna Rossiya, Ukraina, Belarus, Gruziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Litva, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Hindiston, Chexiya va Eron kabi davlatlardan import qilgan.

O‘simlik moyini 2019 yilda 118 ta tadbirkor 222 ming tonna, 2020 yil 102 ta tadbirkor 223 ming tonna Gruziya, Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina, Italiya, Niderlandiya, Turkiya, Shvetsiya kabi davlatlardan import qilgan.

Joriy yilda mandarin mevasini 58 ta tadbirkor tomonidan 24 ming tonnadan ortiq import qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 85 ta tadbirkor 33 ming tonna Pokiston, Xitoy, Turkiya, Misr, Eron, Janubiy Afrika, Marokash, Ekvador, Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Argentina, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan import qilgan.

“Shuning o‘zi ko‘rsatib turibdiki, yuqoridagi mahsulotlar importida tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat sharoiti yaratilgan. Bunda, oxirgi 2 yilda Qo‘mitaga oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda to‘siqlar va qiyinchiliklar haqida shikoyat va murojaatlar kelib tushmagan.

Shu munosabat bilan, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mahsulot importi jarayonida turli xil to‘siqlarga (jumladan, davlat organlari va boshqa sub’ektlar tomonidan) duch kelish holatlari bo‘lsa, Qo‘mitaga murojaat qilishlari so‘raladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

MQKQning qo‘shimcha qilishicha, mandarin narxi qimmatligi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan alohida o‘rganish o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

import

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing