SSP raisi elektromobil importiga boj kiritishni qo‘llab-quvvatladi (video)
Jamiyat
−
02 avgust
6286Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov elektromobillar importiga boj joriy etish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u kecha, 1 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatida so‘z ochdi.
Palata raisi elektromobillarni olib kirishda boshqa davlatlardagi boj stavkalarini keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH rasmiy diler yo‘qligi va standartlarga mos kelmasligi sababli Xitoydan import qilingan elektromobillarga 102,5 foizlik boj joriy qilgan. Yevropa davlatlarida bu ko‘rsatkich 38,1 foiz, Turkiyada 58 foiz, Braziliyada 10 foizga teng bo‘lib, 2026 yilda 35 foizga ko‘tariladi.
Bundan tashqari, Turkiyada Xitoy elektr transport vositalariga 10 foizdan 50 foizgacha qo‘shimcha bojlar kiritgandan so‘ng, BYD bu mamlakatda 1 milliard dollarlik zavod qurishga qaror qilgan. Savdo-sanoat palatasi rahbarining fikricha, avtomobil sanoati mamlakat uchun malakali kadrlar shakllanishiga zamin yaratadi. Vahobovning qo‘shimcha qilishicha, bu ishchi o‘rni yoki monopoliya bilan bog‘liq emas, balki avtosanoat sohasida malakali mutaxassislar chiqarish nuqtayi nazaridan juda ahamiyatli hisoblanadi.
Davron Vahobovning fikricha, nol tarif stavkalari Xitoy elektromobillarining kafolatsiz ommaviy ravishda olib kirilishiga olib keladi, bu esa sifatli xizmat ko‘rsatilmagani va mahalliy sharoitga moslashmagani uchun iste’molchilarga katta xarajatga tushadi.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash deganda, sal kengroq qarashinglarni so‘rayman. Bizda 430 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Turkiyada 1 mln 100 ming dona va atigi 5ta brend. Soliq miqdori avtomobil bozor qiymatining 100 foizini tashkil qiladi. Turkiya bizdan orqadagi davlat hisoblanadimi, o‘zining bozorini shunaqa himoya qilayotgan bo‘lsa? Yoki undan yuqorirog‘ini aytadigan bo‘lsak, 37 foiz hashamat solig‘i degan narsa ham bor. Shu sababdan, oldingi yig‘ilishda tadbirkorimiz ko‘targan masalani 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman, sababiki, u sanoat rivojlansa, bizda minglab ishlab chiqaruvchilar rivojlanadi”, degan u.
Vahobov butun dunyoda akkumulyatorlarni qayta ishlash masalasi dolzarb bo‘lib borayotganiga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda bu yo‘nalishda birorta ham loyiha mavjud emas. Uning aytishicha, elektromobillar uchun to‘lovlarni gibrid avtomobillar bilan tenglashtirish, akkumulyatorlarni qayta ishlash loyihalari uchun mablag‘ yaratish va yangi texnologiyalarni jalb qilish zarur.