Markaziy Osiyo va Ozarbayjon. Qardoshlik endi biznesda.

Biznes

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan joriy yilning 13-14-noyabr kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chimgan Resort” mehmonxonasi hududida “Chegarasiz hamkorlik” shiori ostida xalqaro “Great Silk Road Business Cooperation Forum – 2025” biznes-forumi o‘tkazildi. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo va Ozarbayjon tadbirkorlarini yagona biznes maydonida birlashtirib, mintaqadagi iqtisodiy integratsiyani yangi bosqichga ko‘tarish, savdo aloqalarini kengaytirish va ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni kuchaytirishni maqsad qiladi. 

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan vazirlik va idoralar vakillari, savdo-sanoat palatalari, yirik kompaniyalar hamda xususiy sektorning 300 ga yaqin ishtirokchilari qatnashdi. Tadbirning asosiy qismida o‘tgan plenar sessiya “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: chegarasiz hamkorlik” mavzusida bo‘lib, unda biznesning asosiy vazifasi – birgalikda ishlab chiqarish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi bozorlarga chiqish masalalari muhokama etildi. 

Tomonlar mintaqada yagona ishlab chiqarish zanjiri barpo etish, mahalliy xomashyo asosida eksportbop mahsulotlar yaratish, logistika va energetika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflar berdi. 2017-2024 yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ikki barobarga o‘sib, qariyb 11 milliard dollarga yetgan. Endi esa o‘zaro savdoni qariyb ikki baravar, ya’ni 20 mlrd dollargacha oshirish ko‘zda tutilmoqda. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham chiqish qilib, o‘z nutqida hukumatlar tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlikka ochiqligi, ularga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Ushbu forum QALAMPIR.UZ ob’ektivlari tomonidan bevosita tasvirga olindi. 

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ilk marotaba o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo – Ozarbayjon biznes forumi Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni davlatlar bilan olib borayotgan izchil siyosati natijasi o‘laroq, aynan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon rahbarlarining Toshkentga safari oldidan tashkil qilinganini ta’kidladi.

“Aynan shu davlatlardan Top-100 tadbirkorlik sub’ektlaridan 150 ga yaqin, bizdan esa 100 ga yaqin tadbirkor kelgan. Asosiy maqsadimiz 120 milliondan ortiq aholisi bor bo‘lgan ushbu davlatlar bilan birgalikda uchinchi bozorga mahsulot bilan chiqish. Endi bir-birimiz bilan raqobatchi emasmiz, balki boshqa davlatlarga qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulot bilan chiqamiz. Kimdadir xomashyo bor, kimdadir tayyor mahsulot. Masalan, Ozarbayjonning meva-sabzavoti bilan O‘zbekistonning meva-sabzavoti endi Yevropa va Amerika bozorlariga birgalikda chiqsa, u yerdagi rastalarni to‘ldirish imkonini beradi. Xuddi shunday qurilish materiallarida ham. Har bir davlatning boshqa davlatlar bilan qiladigan importi bor. Agar shu import qilinayotgan mahsulotlarni birgalikda kooperatsiya qilsak, ham arzon, ham logistika jihatidan qulay, ham mahsulot aylanmasi oshadi”, dedi palata raisi.

Qirg‘izistonning “Doolot Trading” MCHJ rahbari Aiday Tursunbekovaning aytishicha, mintaqaning eng katta kuchi bu, avvalo, xalqning o‘zi. Markaziy Osiyo xalqlarining rivojlanishi Xitoy va Rossiya ta’sirida, shuningdek, turkiy dunyo madaniy makonida shakllangan. Shu sababli mintaqa aholisi boshqa madaniyatlarni oson qabul qiladi, dunyodagi har qanday o‘zgarishga tez moslasha oladi. Bu esa Turkiston o‘lkalarining xalq sifatidagi kuchli jihatidir.

Tojikistonning “HRBP LEAN SOLUTIONS” bosh direktori Sanavbar Ayubova ushbu forum natijasida uch tomonlama shartnomalar orqali katta imkoniyatlar paydo bo‘lishidan umidvor.

“Bu nafaqat biznes tuzilmalari, balki hukumatlar va investorlar bilan ham ishlash imkonini beradi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashkil qilgan bu forum oltita davlatni bir maydonda jamlagani barchamiz uchun katta foyda keltiradi”, deydi u.

Ozarbayjonning “Nabucco AC” MCHJ asoschisi Kamoliddin Mansumov o‘zi faoliyat yuritayotgan yo‘nalish haqida gapirib berdi.

“Bizning kompaniya qurilish sohasida, aniqrog‘i, metall konstruksiyasi bo‘yicha ixtisoslashgan. Biz bir shved kompaniyasining rasmiy vakilimiz. Metall konstruksiya bo‘yicha juda muhim va mukammal tizimga egamiz. Bu tizim faqat bizda bor, boshqa hech bir kompaniyada mavjud emas. Bu juda ahamiyatli texnologiya bo‘lib, biz uni O‘zbekistonda sanoat binolari, sport komplekslari, olimpiya inshootlari kabi loyihalarda qo‘llaymiz. Ya’ni, bu tizim orqali juda chiroyli va zamonaviy binolar qurishimiz mumkin”, dedi u.

Qozog‘istonning “Grata International” firmasi direktori Samat Daumov O‘zbekistonda uch yo‘nalishda faoliyat yuritishini aytadi:

“Biz bu yerga allaqachon investitsiya kiritganmiz. Birinchisi – klinik-diagnostika laboratoriyasi Open Lab. Ikkinchisi – Grata yuridik firmasi. Bu eng yirik xalqaro yuridik firmalardan biri bo‘lib, Toshkentda ham ofisimiz bor. Uchinchi yo‘nalish reklama kompaniyamiz. Biz Samarqand aeroportida reklama operatori sifatida faoliyat yuritamiz”, deydi investor.

Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari Ittifoqi raisi Muhammad Musayev mintaqa mamlakatlarida Yevropa, Amerika, Xitoy, Rossiya kabi katta kuchlar bellashayotganini, fond bozori o‘sib, ishlab chiqarish ko‘payib borayotganini ta’kidladi hamda tadbirkorlar va investorlar uchun huquqiy va xavfsiz tizim yaratish zarurligini urg‘uladi.

“Biz bu yerda hatto eng muhim masalalardan biri arbitraj sudlarining tashkil etilishini ham muhokama qildik. Istanbulda yig‘ilganimizda ham Islom hamkorlik tashkilotining arbitraj markazida uchrashgan edik. Ya’ni, kim investitsiya qilsa, investor o‘zini himoyalanganini ko‘rishi kerak. Agar u yerda investor himoyalansa, demak, u yerda investorga hech kim teginolmaydi”, dedi u.

“TXT Group” kompaniyasi asoschisi Xurshid To‘rayev faoliyat yuritayotgan qurilish sohasida Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi davlatlar peshqadamligini aytib, mazkur forum orqali boshqaruv tizimi, baland binolar qurilishi bo‘yicha yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan fikr almashish imkoniyati yaratilganini bildirdi.

“Hozir Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning birga ishlashi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Faqat ba’zi masalalar bor: masalan, Qozog‘istonda ko‘proq ishlab chiqariladi, bizda ehtiyoj bor; yoki bizda ishlab chiqariladi, qo‘shnilarimizda ehtiyoj bor. Shularni o‘zaro kelishgan holda yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak, boshqa to‘siq yo‘q”, deydi tadbirkor.

Ozarbayjonning “Techpro  DC” kompaniyasi asoschisi Nigor Hasanova tadbirning asosiy maqsadi biznesga yordam berish ekanini qayd etdi. U ishtirokchi mamlakatlarda ichki qonunchilik, logistika va soliq tizimining moslashtirilishi muhimligini, bu biznesga, ayniqsa IT sohasi uchun katta yordam berishini ta’kidladi. Hasanovaga ko‘ra, forumda aynan shu masala ham muhokama qilinmoqda.

“Umumiy intellektual platforma zarur. Unda har bir mamlakat o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘z natijalarini taqdim eta oladi. Shu orqali barcha mamlakatlar birgalikda kelishilgan holda umumiy rejalar va strategiyalar ishlab chiqib, ularni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi”, dedi Hasanova.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Markaziy Osiyo investor biznes Davron Vahobov tadbirkorlar Savdo-sanoat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing