O‘zbekiston gaz importini ham, eksportini ham oshirdi
Jamiyat
−
26 Sentabr
3950O‘zbekistonda gaz importi yil boshidan buyon 5,7 barobarga oshdi. Shu bilan birga, uni eksport qilish ham 7,4 foizga ko‘payib, 404 million dollarni tashkil qildi. Bu bo‘yicha ma’lumot Statistika agentligining tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston import qilgan gaz qiymati 1,15 milliard dollarni tashkil etgan. O‘tgan 2023 yilning joriy davrida bu ko‘rsatkich 201,8 million dollar bo‘lgan, ya’ni 2024 yilda gaz importi 5,7 barobarga oshgan. Mos ravishda O‘zbekistonning gaz importi asosi Rossiya va Turkmaniston bo‘lib, ular mamlakatga oyiga o‘rtacha 168,3 million dollarlik gaz yetkazib bergan.
Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonning gaz eksporti ham o‘tgan 2023 yilning mos davriga nisbatan ko‘paygan va 404,8 million dollarga yetgan. 2023 yilda mazkur ko‘rsatkich 377,9 million dollar bo‘lib, bu yil uchun e’lon qilingan hisobotdagidan 7,1 foizga kamroq qiymat tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2023 yil 7 oktyabrdan Rossiyadan Qozog‘iston orqali gaz sotib olmoqda. Mas’ullar hozirgacha gazning import narxi haqida ma’lumot bermay kelmoqda. 2024 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati Rossiya Federatsiyasidan gaz importini 3,5 barobarga, ya’ni 9 milliondan 32 million kub metrga oshirish maqsadida respublika magistral gaz tizimini modernizatsiya qilmoqchiligi xabar qilingan.
Mamlakatda gaz importi o‘sayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtatilmagan. Iyul oyida 91,7 million dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan. Bu 2023 yilning iyuliga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p. Ya’ni o‘tgan yilning iyul oyida 63,9 million dollarlik gaz eksport qilingan.
2024 yil yanvar-iyul oylarida respublika jami 323,1 million dollarlik gaz eksportini amalga oshirgan. 2023 yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 341,9 million dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilning yanvar-avgust oylarida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Markaziy Osiyoga gaz eksportini ikki baravar oshirgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi