O‘zbekistonda ayollarning ko‘p foizi o‘zini oilaviy zo‘ravonlikka uchrayotganini aytmoqda – tadqiqot
Jamiyat
−
30 mart 2023
4035O‘zbekistonda 183 nafar so‘rov o‘tkazilgan ayolning har uchinchisi turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan deb biladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "Oila va xotin-qizlar" ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olishda kompleks tizimli yondashuvni takomillashtirish hamda reabilitatsiya ishlari samaradorligini oshirish” mavzusida tadqiqot o‘tkazilgan. Mazkur tadqiqot 2022 yilning dekabr 2023 yilning yanvar oylarida respublikaning 7 hududiy birligi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Andijon, Navoiy, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan 183 nafar xotin-qizlar orasida o‘tkazilgan.
Tadqiqot ishi doirasida 2022 yil davomida sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari tahlil qilinib, jabrlanganlar va soha mutaxassislari o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazilgan. Shuningdek, sohaga mas’ul bo‘lgan tashkilot va idoralar faoliyati va Yaponiya, Singapur, Shveysariya, Avstraliya, Kanada, Argentina kabi xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra:
• 53 foiz respondent hasad qilish, shaxsiy hayotga aralashish, rashk qilishni tazyiq va zo‘ravonlik deb hisoblaydi;
• har uchinchi respondent (33,3 foiz) menga nisbatan turmush o‘rtog‘im zo‘ravonlik sodir etgan, degan fikrni bildirgan, 26,2 foizi esa qaynonasi zo‘ravonlik sodir qilishini ma’lum qilgan;
• har to‘rtinchi (26,7 foiz) respondent ularga Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tomonidan psixologik yordam ko‘rsatilganini ta’kidlagan;
• har beshinchi (21,6 foiz) so‘rov ishtirokchisi agarda unga nisbatan zo‘ravonlik holati sodir etilsa, dastlab mahalla xodimlariga murojaat qilishini ma’lum qilgan;
• respondentlarning aksariyat qismi (42,5 foiz) tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha kerakli joyga murojaat qilgandan keyin turmush o‘rtog‘ining munosabati ijobiy tomonga o‘zgarganini qayd etgan;
• har uchinchi (31 foiz) respondent profilaktik oilaviy suhbatlar tashkil qilish orqali oilaviy zo‘ravonlikni oldini olishning eng samarali chorasi deb hisoblaydi;
• har to‘rtinchi ishtirokchi (26,2 foiz) esa ta’lim muassasalarida maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqish va ta’limga joriy qilish maqsadga muvofiq degan javobni bildirgan.
LiveBarchasi