O‘zbekistonda aybni bo‘yniga qo‘yishda hamon qiynoq usullaridan foydalaniladi – Vashington
Jamiyat
−
18 aprel 2022
18708O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish, tergov jarayonida shaxs qadr-qimmatining kamsitilishiga qarshi kurashish borasida Hukumat tomonidan sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hamon tergovda qiynoq usullaridan foydalanish va tan oldirish amaliyoti mavjudligicha qolmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamentining Inson huquqlari masalasida 2021 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida so‘z boradi.
Hisobotda O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarining xulq-atvorini tartibga soluvchi va qiynoqlarga oid qonunlar mavjudligiga alohida urg‘u berilib, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga murojaat qilingan:
“Qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma’naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shart”.
“Qonun qiynoqlar natijasida olingan yoki tan oldirilgan dalillardan sud jarayonida foydalanishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, kamsitishga qarshi qonun qiynoq va boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalarni qo‘llaganlik uchun javobgarlikni o‘z ichiga oladi. Qonun qabul qilingunga qadar qiynoqlar sodir etishga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortishda rasmiy to‘siqlar mavjud edi. Mazkur cheklovlar bekor qilingan”, deb bugungi qonunchilikni olqishlaydi Davlat departamenti.
Tashkilot 2020 yilda BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining O‘zbekistonga nisbatan bildirgan “Qiynoqlar va shafqatsiz munosabatlar ishtirokchi-davlatning huquqni muhofaza qilish organlari, tergov va qamoqxona mansabdor shaxslari tashabbusi va roziligi bilan, asosan, aybga iqror bo‘lish yoki ayblovni tan oldirish maqsadida muntazam ravishda amalga oshirilmoqda”, degan xulosasi 2021 yilda ham o‘z kuchini saqlab qolganini urg‘ulagan.
“Hukumat tomonidan islohotlar bo‘yicha qo‘shimcha sa’y-harakatlarga qaramay, bu xulosalar o‘z kuchini saqlab qoldi. Bundan tashqari, sudlanuvchilar qiynoqlar haqidagi bir qator da’volarni ilgari surgan jinoiy sud jarayonlari, shuningdek, qiynoqlarni sodir etishda ayblanayotgan shaxslar ustidan bir necha sud jarayonlari yopiq tarzda o‘tkazildi. Ushbu holatlar bo‘yicha sud qarorlari ommaga oshkor etilmagan.
Inson huquqlari himoyachilari fikrlariga ko‘ra, muayyan mahbuslarni qiynoqlarga solish bo‘yicha kelishilgan, yuqoridan pastga buyruq berish amaliyoti to‘xtagan bo‘lsa-da, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining usullari va munosabati to‘xtamagan va eng ko‘p suiiste’mollar tan oldirish taktikasi sifatida so‘roq paytida sodir bo‘lgan. Mamlakatning huquqiy tizimiga ko‘ra, psixologik bosim va tahdidlar suiiste’mol qilish yoki noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish hisoblanmaydi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, AQSH Tashqi idorasi 2020 yilning iyun oyida Navoiy viloyatidagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida sodir bo‘lgan holatga aniqlik kiritgan. Unda aytilishicha, qamoqxona xodimlari mahkum Farruh Xidirovni kaltaklab o‘ldirgan.
“Inson huquqlari faollariga ko‘ra, o‘limidan bir necha kun oldin Xidirov oila a’zolaridan biriga qamoqxona xodimlari undan pul talab qilayotganini aytgan. Xidirov vafotidan oldin sakkiz kun shifoxonada yotdi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, “Ezgulik” Inson huquqlari tashkiloti qotillik haqidagi xabarni e’lon qilganidan so‘ng, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi “Jasad prokuratura tomonidan ko‘zdan kechirildi, tan jarohatlari aniqlanmadi, jinoyat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlandi”, deya izoh bergan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.
Joriy yilning 1 aprel kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan qiynoqlar mavzusi bo‘yicha brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova so‘nggi uch yilda prokuratura organlarida qiynoqlar to‘xtagani, ammo boshqa kuch ishlatar tuzilmalarda hamon qiynoqlar mavjudligini tan oldi.
LiveBarchasi