Qiynoqlar vaqtida kuzatuv kameralarining “ko‘zini kim ko‘r qiladi?”
Intervyu
−
30 noyabr 2020
25441Kuzatuv kameralari va qiynoqlar. Hozirgi kunda Jazoni ijro etish muassasalari (JIEM), tergov hibsxonalari, tergov izolyatorlarining barchasida kuzatuv kameralari bor. Shunday bo‘lishiga qaramay, mahkumlar va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoq, tazyiq va tahdidlar haqidagi xabarlar matbuot sahifalaridan o‘rin olmoqda. Kuzatuv kameralari borligi rostdir, lekin ular qanchalik kuzatuvda? Bu savolga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimov javob berdi.
“Kuzatuv kameralari haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, doim monitoringlar o‘tkaziladi. Jamoatchilik vakillari, bundan tashqari, Demokratiya va inson huqulari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva bilan birga muassasalarga ogohlantirishsiz kirib boramiz. Monitoringlar jarayonida joylardagi kuzatuv kameralari ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Nosoz yoki shunchaki ishlamayotgan kuzatuv kameralari yo‘q. Biz joriy yilda faqat Jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilmadik. So‘nggi vaqtlarda jurnalistlar, jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarni qiziqtirgan savol – qiynoqlar masalasiga ham e’tibor qaratdik”.
“Elektr energiyasining o‘chishi yoki turli texnik nosozliklar bo‘ldi” qabilidagi bahonalar kameralarning o‘chiq qolishini qanchalik oqlaydi? Umuman, tergov hibsxonalari va JIEMlarda kameralarni o‘chirib qo‘yish imkoni bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, Andijon shahar IIB va Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIBda fuqarolarga nisbatan qiynoqlar sodir etilgan vaqtlarda “kameralarning ko‘zini kim ko‘r qilgandi?” Bu savolga Saidov quyidagicha javob berdi:
“Andijon va Qashqadaryodagi voqealar barchaning e’tiborini tortdi. To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, xodimlar orasida ayrimlari shunday holatlar ro‘y berishiga sababchi bo‘lishdi.
Bu yil tergov hibsxonalari ham monitoringdan o‘tkazildi. Kuzatuv kameralarning alohida bazasi bor, server viloyat IIBda joylashgan. Hech kim kameralarni o‘chira olmaydi. Kuzatuv kamerasi o‘chishi bilan bog‘liq holat kuzatilsa, signal bo‘ladi va nega o‘chirilgani darhol aniqlanadi”.
Uning ta’kidlashicha, ayblanuvchilar tergov, tergovga qadar izolyatorlarga olib kelinayotganida ularning hujjatlari ham tekshiriladi. Bungacha tibbiy muassasada davolangani, qanday holatda bo‘lgani tekshirilib, har bir hujjatga individual yondashiladi. Monitoring jarayonida Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) har bir hujjatni olish, tekshirish shu bilan birga mahkumlar bilan yakkama-yakka suxbatlashish huquqiga ega va bu jarayonda tergov izolyatori yoki JIEM rahbari qatnashmaydi.
Saidbek Azimov so‘zida davom etarkan shunday deydi:
“Bir narsani inkor qilib bo‘lmaydi. Mahkumlar bilan suhbat jarayonida kamchiliklar borligiga ham guvoh bo‘ldik. Shu bilan birga 2019 yilning dekabr oyida BMTning qiynoqlarga qarshi qo‘mitasida O‘zbekiston hisoboti tinglandi. Afsuski, yurtimizda qiynoq holatlari uchrab turganini dalil sifatida keltirib berishdi. Joriy yil 30 iyun kuni Prezident boshchiligida Odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar xususida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) ishtirok etdi va aniq vazifalar yuklatildi.
Yana Andijon va Qashqadaryodagi kabi qiynoqqa solish holatlari kuzatilsa, nafaqat tizimga, balki Prezidentga hiyonat bo‘lishi aytilib, Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziriga juda qattiq ogohlantirish berilgan. Yuqoridagi kabi holatlar yana takrorlansa, ish Ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror darajasida jazolashgacha boradi”.
U qo‘shimcha qilar ekan, asosiy maqsad fuqarolarni olib borilayotgan siyosatga ishontira bilish, bularni faqat gapda emas, amalda isbotlash. Azimov har bir olib borilayotgan islohot O‘zbekiston imidji bilan bog‘liq ekanini urg‘uladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining joriy yil noyabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari jami 3 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.
Shu o‘rinda QALAMPIR.UZ’da mavjud bo‘lgan statistik ma’lumotlarga nazar tashlasak: joriy yilning yanvar – sentyabr oylari davomida prokuratura organlariga huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida jami 2 323 ta ariza va xabarlar kelib tushgan. Shundan 242 tasi, ya’ni 10 foizdan ko‘prog‘i qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilingani haqidagi murojaatlarni tashkil qilgan. Yanvar – sentyabr oylarida 11 nafar ichki ishlar xodimlari qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlari uchun ayblanib, ish sudga oshirilgan.