O‘zbekistonda “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini aniqlash xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda
Jamiyat
−
03 dekabr 2021
7646Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazi, YAIDXP hamda turli veb-sayt va onlayn platformalar orqali avtomototransport vositalariga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi orqali “avtomobil tarixi”ga oid quyidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda olish xizmati joriy etilmoqda, jumladan:
• avtotransport vositasining agregat ma’lumotlari, taxminiy yurgan masofasi;
• avtotransport vositasining garovda ekanligi yoki unga nisbatan taqiq mavjud/mavjud emasligi to‘g‘risidagi;
• fuqarolik-huquqiy shartnomalar (ishonchnoma, ijara, hadya, oldi-sotdi shartnomasi, meros va boshqalar) tuzilganligi;
• yo‘l transport hodisasi sodir etilganligi;
• avtotransport vositasiga yo‘lovchi tashish bo‘yicha litsenziya varaqasi olinganligi (olinmaganligi) haqidagi ma’lumotlar;
• bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligi to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar.
Loyihada, shuningdek quyidagi muhim jihatlar ifodalangan:
birinchidan, berilayotgan ma’lumotlar axborot xarakteriga ega bo‘lib, kelgusida rasmiy harakatlarni amalga oshirish uchun asos bo‘lmaydi;
ikkinchidan, shaxsga doir ma’lumotlarning kafolatlanishini ta’minlash maqsadida, ma’lumotlarda mulk egasi haqidagi shaxsiy ma’lumotlar, shuningdek tezkor-qidiruv, mudofaa va xavfsizlikka oid avtotransport vositalariga oid ma’lumotlar aks ettirilmaydi;
uchinchidan, xizmat ixtiyoriy ravishda, muayyan haq evaziga (BHMning 20 foizi) ko‘rsatiladi.
Ushbu xizmatdan kelib tushgan mablag‘lar “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini yagona bazaga birlashtirib borish uchun maxsus dastur yaratish, uni yuritib borish, ma’lumotlarni raqamlashtirish va aktual holatda saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish kabilarga yo‘naltiriladi.
to‘rtinchidan, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida, xizmatdan nafaqat Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali, balki xususiy veb-saytlar, onlayn platformalar orqali ko‘rsatiladi;
beshinchidan, ikkilamchi bozorda avtomobil savdosida firibgarlik holatlarining oldini olishda yordam beradi.
Loyiha 17 dekabrgacha muhokama qilinadi.
LiveBarchasi