O‘zbekistonda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarga yangi jazo turlari qo‘llanilishi mumkin

Jamiyat

image

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari hamda transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash taklif qilindi. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarligida oila qonunchiligini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, yig‘ilish davomida oilaviy ajrimlarni oldini olish, farzandlarning ta’lim-tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyatini oshirish, aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilindi.

Yig‘ilish davomida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov aliment to‘lash amaliyoti bo‘yicha joriy holat hamda ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi tahliliy qiyoslab, sohani takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surdi:

•    majburiy oilaga tayyorlov kurslarini bepul asosda joriy etish

•    nikohlanuvchi shaxslarni bepul asosda bepushtlik yuzasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish

•    nikohning dastlabki 3 yilligida yosh oilalarning moddiy farovonligini ta’minlash maqsadida imtiyozli shartlarda maishiy, ipoteka va avtokreditlar ajratish

•    aliment tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq masalalarni taraflar ajrashish haqida sudga murojaat qilgan paytda majburiy ravishda hal qilish

•    aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari hamda transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash shaklidagi ta’sir choralarini qo‘llash.

Bildirilgan takliflar yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqishga kelishib olindi.

Yig‘ilishda yoshlarning mustaqil hayotga moddiy va ruhiy tomondan tayyor bo‘lmasdan oila qurishi, bepushtlik, yoshlarning reproduktiv salomatligidagi muammolar, er-xotinning oilaviy masalalarda o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini turli shaxslar tomonidan cheklash kabilar oilaviy ajrimlarning asosiy sabablari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

oila aliment

Baholaganlar

325

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing