O‘zbekistonda aholini majburiy emlash mumkinmi? Parlament spikeri masalaga nuqta qo‘ydi

Jamiyat

image
O‘zbekistonda emlash majburiy bo‘lish ehtimoli bor...mi? Nurmat Otabekov javob berdi north_east

O‘zbekistonda emlash majburiy bo‘lish ehtimoli bor...mi? Nurmat Otabekov javob berdi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi majburiy emlashni joriy etish qonunlarga zid va buning uchun bir qancha huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish kerak. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov ma’lum qildi.

Palata yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning axboroti eshitilgan. 

Majlisda deputatlar oxirgi vaqtlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham yana ko‘paya boshlagani xavotirga sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. Ayniqsa, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash masalasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Ayrim deputatlar emlash tadbirlarini “majburiy tartibda” amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan. Ba’zilari esa, buni aksini aytgan.

Muhokamalar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi “majburiy emlash”ni joriy qilish, yalpi yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilmaganini eslatib, bu taklifga o‘z munosabatini bildirgan.

“Emlash ishlarini tashkiliy jihatdan to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish, bu borada fuqarolarimizning xavfsizligini kengroq ta’minlash birinchi galdagi vazifa ekanligidan kelib chiqib, vaksinatsiya ishlarini muhokama qilish, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsad qilib olingan.

Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda amalda bo‘lgan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunda fuqaroning o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur sharti ekanligi belgilab qo‘yilmagan. Shuningdek, fuqaro va uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega degan talab qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan”, degan spiker.

Nurdinjon Ismoilov xuddi shu kabi normalar boshqa bir qator qonunlarda ham mavjudligini, shu sababdan emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin emasligini urg‘ulagan. Ya’ni, emlash tadbirlarini majburiy amalga oshirish uchun avvalo, bir qator huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish talab etiladi.

Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasi yig‘ilishida deputatlar O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga vaksina olmaganlarga cheklovlar joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar tayyorladi.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina koronavirus

Baholaganlar

473

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing