O‘zbekistonda 5 ta kodeks qabul qilinadi, 7 tasining yangi tahriri ishlab chiqiladi

Jamiyat 3066
image

O‘zbekistonda 5 ta yangi kodeks qabul qilinadi hamda 7 ta kodeksning yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan.

“Norma”ning xabar berishicha, hujjat bilan turli sohalarda keng ko‘lamli qonun ijodkorligi ishlari rejalashtirilgan. Ular qatorida quyidagilarni ishlab chiqish ham nazarda tutilgan:

Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, unda fuqarolarning NNTga birlashish huquqi va uni amalga oshirish usullari, shuningdek tashkil etish, ro‘yxatga olish, ularning faoliyatini olib borish va tugatishning huquqiy asoslari belgilanadi. Loyiha bo‘yicha ishlar 2020 yil 1 avgustga yakunlanishi lozim. Eslatib o‘tamiz, kodeks loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi 2019 yil oktyabrda tuzilgan;

Ekologiya kodeksi, uni ishlab chiqish va qabul qilish 2030 yilgacha atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida ham nazarda tutilgan. Hujjat ekologiyaga oid qonunchilik bazasini tizimlashtiradi. Unda parlament va jamoatchilik nazoratini, fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq hamda majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlarini, shuningdek o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish qoidalari belgilanadi. Ishlarni 2020 yil 1 oktyabrga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda;

Sog‘liqni saqlash kodeksi, unda sog‘liqni saqlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish, idoralararo hamkorlik qilish, sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish, sanitariya-epidemiologik nazoratni tashkil qilish, sog‘liqni saqlash sohasida ta’lim va ilmiy faoliyat normasini belgilash nazarda tutiladi. Muddat – 2020 yil 1 dekabrgacha. Darvoqe, kodeks bilan 2019-2025 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish tartibga solinadi;

Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini to‘liq kodifikatsiya qilishni ta’minlaydi. Tadbirkorlik faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga solish tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, tadbirkorlik erkinligini ta’minlaydigan kafolatlar hamda tadbirkorlik faoliyatiga aralashganlik, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari faoliyatini cheklash yoki to‘xtatish, ularga zarar yetkazganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytiriladi. Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasida jamoatchilik nazorati mexanizmlari kengaytiriladi. Loyiha ishlari yarim yil davom etadi va 2022 yil 20 yanvarga qadar yakunlanishi lozim;

Axborot kodeksi, mamlakatlarning axborot xavfsizligini to‘g‘risidagi qonunlari umumlashtiradi. Unda axborot makonini rivojlantirishning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilanadi: inson huquqlarining erkinligini himoya qilish, kiberxavfsizlik, media madaniyati va onlayn gigiyenaga rioya qilish. Loyihani ishlab chiqish ishlari 2022 yil yanvar oyiga kelib yakunlanadi.

Yana bir qator ishlar rejalashtirilgan. Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahriri qabul qilinadi. Qonun chiqaruvchining oldiga jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini unifikatsiyalash va liberallashtirish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, jazoni o‘tash joylarida bo‘lgan mahkumlarning huquqlari ko‘lamini kengaytirish vazifalari qo‘yilgan. Yetakchi xalqaro amaliyot asos qilib olinadi. JIK loyihasi joriy yil 1 oktyabrga, JK va JPK loyihalari keyingi yil may oyida tayyor bo‘ladi.

2021 yil yanvar oyida MJTKning yangi tahriri tayyor bo‘lishi nazarda tutilmoqda, bu ish yurituvini takomillashtirish, asosan ITni faol joriy etish hisobiga hamda vakolatli organlar va mansabdor shaxslarning optimallashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi. Ma’muriy undiruv choralari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi, jarimalar ixtiyoriy to‘lanishini rag‘batlantirishning tabaqalashtirilgan tartibini joriy etish, jabrlanuvchining arizasiga asosan ish yurituvini to‘xtatish amaliyoti joriy etilishi rejalashtirilgan.

Amaldagi Fuqarolik, Mehnat va Uy-joy kodekslarining yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bunda asosiy yo‘nalish – xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish, kamsitish holatlarini bartaraf etish va ushbu sohalarda davlat siyosatini takomillashtirish. Loyihalar 2020 yilning III–IV choragiga tayyor bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2020–2021 yillarda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

“Favqulodda holat to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida”, “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”, “Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”, “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari to‘g‘risida”, “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi jamoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi;
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahriri ishlab chiqiladi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” qonunlarga tuzatishlar kiritiladi.

Xalqaro hamkorlik rejalarida – O‘zbekistonning 2005 yildagi Varshava konvensiyasiga qo‘shilishi, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining 17, 97, 132, 156, 183 va 187-sonli konvensiyalariga qo‘shilishi nazarda tutilgan. Mazkur yo‘nalishda ishlar 2020-2025 yillarda reja asosida olib boriladi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 30
Reyting: 3
Teglar
t
×