O‘zbekistonda 5 nafar bola koronavirusga chalingan
Jamiyat
−
31 mart 2020
16240Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan xastalanganlar 158 nafarni tashkil etmoqda. Ularga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida, xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, bemorlar bilan yaqin muloqot qilgan fuqarolar ham zudlik bilan aniqlanib, ular salomatligi ustidan 14 kunlik statsionar karantin kuzatuvi ham o‘rnatilgan. Bemorlarning 73 nafari erkak, 85 nafari ayollar bo‘lsa, shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning aksariyati Toshkentda muolaja olishmoqda va ular orasida O‘zbekistonning turli hududlaridan bo‘lgan fuqarolar ham bor.
Jumladan, hozirgacha Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida jami davolanayotgan 92 nafar bemordan 7 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 1 nafari vafot etgan. Hududlar kesimi bo‘yicha: Toshkent shahridan 73, Buxorodan 2, Qashqadaryodan 2, Navoiydan 2, Samarqanddan 7, Sirdaryodan 1 hamda Toshkent viloyatidan 5 nafar bemor poytaxtdagi ushbu tibbiyot muassasasida davolanmoqda.
Qolgan 66 nafar bemor (shundan bir nafari vafot etgan) mamlakatning turli hududlaridagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanishmoqda.