O‘zbekistonda 234 nafar homilador ayolda koronavirus aniqlangan. Virus ular uchun xavflimi?
Jamiyat
−
29 iyul 2020
8826O‘zbekistonda bugungacha 234 nafar homilador ayolda koronavirus aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Barno Abdusamadova ma’lum qildi.
Hozirgi kunga qadar 2,5 mingdan ortiq homilador ayol karantin nazoratiga olingan bo‘lsa, ularning 234 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, 120 nafari sog‘aygan va uyiga javob berilgan. Ming afsuski, ularning 2,9 foizida kasalik o‘lim bilan yakunlangan.
“Tajribamizdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, homilador ayollarda koronavirus agar ular o‘z parvarishini saqlasa, gigiyenik qoidalarimizga rioya qilsalar va ko‘chaga chiqmasa, og‘ir kechmayapti”, deydi Barno Abdusamadova.
So‘nggi kunlarda bir nechta homilador ayol koronavirusdan vafot etdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bunda asosan hamroh kasalligi bo‘lgan ayollar vafot etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, koronavirusdan boshqa kasalligi bo‘lmagan homilador ayollar vafot etmagan.
“Bu qanday kasalliklar? Semizlikning II, III darajasi, yurak-qon tomir yetishmovchiligi kasalliklari, nafas yo‘lidagi kasalliklar, buyrak kasalliklari bunga sabab bo‘lyapti”, dedi Abdusamadova.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 25-28 iyul kunlari besh nafar homilador ayol koronavirusdan vafot etdi.
O‘zbekistonda 29 iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 22 374 nafarni tashkil etmoqda. 12 668 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (55 foiz) sog‘aygan. 129 kishi vafot etgan.
LiveBarchasi