O‘zbekistonda 2030 yilda suv tanqisligi 7 mlrd kub metrga yetadi – vazir o‘rinbosari
Jamiyat
−
29 aprel 2023
7806Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Suv resurslarini kompleks boshqarish: qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusida panel munozarasi bo‘lib o‘tdi. Unda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov O‘zbekistonda 2030 yilga kelib 7 milliard kub metr suv yetishmovchiligi kuzatilishini aytib o‘tdi.
Tadbirni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska olib borgan. Shuningdek, sessiyada Shveysariya elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Reyxel Besh, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov va bir nechta kompaniya rahbarlari spiker sifatida ishtirok etgan.
Mutaxassislarning fikricha, 2040-2050 yillarga kelib suv resurslariga talab ortib borishi jahon iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarga olib kelishi muqarrar. Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2050 yilga borib Yer yuzida 5 milliarddan ortiq odam u yoki bu darajada suv tanqisligini boshdan kechiradi. Panel sessiya ishtirokchilari suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi va umuman iqtisodiyotni rivojlantirish uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Ekspertlar Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun suv resurslarini kompleks boshqarishning ahamiyatini muhokama qilgan. Shuningdek, suv resurslarini kompleks boshqarish mexanizmlarini samarali joriy etish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida gaplashilgan.
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov suv resurslarining 80 foizi boshqa mamlakatlardan oqib kelishi, atigi 20 foizi O‘zbekistonda hosil bo‘lishini ta’kidladi. Bundan 30-40 yil avval yaratilgan infratuzilma esa jiddiy modernizatsiyani talab qiladi. Suv resurslari bilan ta’minlanishning kamayishi, yangi obektlar sonining ko‘payishi natijasida aholi soni o‘sib bormoqda, bu esa suv resurslarining yangi miqdori va sifatini talab qiladi. Nazarov, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekistonga 7 milliard kub metr suv yetishmasligini aytib o‘tgan.
Tadbirda O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha barcha tashabbuslar to‘plansa, taxminan 19 milliard dollar sarmoya talab etilishi aytib o‘tilgan. Shundan 4 mlrd nasos stansiyalari va 6 mlrd ga yaqini xo‘jalik sub’ektlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun subsidiyalar uchun ketadi. Moliya vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan birgalikda ushbu kanallar funksiyasini baholagan holda kanallar tizimining modeli ishlab chiqilgan.
LiveBarchasi