Kusherboyev Ekologiya vaziri o‘rinbosari o‘g‘irlab ketilganini ochiqladi (video)
Jamiyat
−
27 Oktabr 48071 7 daqiqa
Avvalroq, Toshkentning Yakkasaroy tumanida 174 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani haqida xabar berilgandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev mazkur holat bo‘yicha videomurojaat bilan chiqib, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, uning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov, poytaxt IIBB va prokuraturasini keskin tanqid qildi. Shuningdek, u o‘tgan yili poytaxtda ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga chora ko‘rilayotganda, vazirning birinchi o‘rinbosari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini ochiqladi.
“Bugun aytiladigan gaplarni butun O‘zbekiston xalqi va Prezidentimiz ham bilishi kerak, deb hisoblayman. Chunki bu yashirilyapti, bu uzoq davom etishi mumkin emas. Bugun ayni vaqtlarda hammamizni o‘ylantirayotgan masala – O‘zbekistonda havo yomonlashyapti, ekologiya yomonlashyapti, daraxtlar kesilyapti. Toshkent shahri havosi ifloslanyapti. Aybdorlarni qidirishga harakat qilinadi, vazirlik, Ekologiya vazirligiga sustkashlik qilinyapti, degan masalalar bo‘ladi. Men ozgina ma’lumotlarni berib o‘tmoqchiman. Butun O‘zbekiston xalqi bilsin. Prezidentimiz ham bilsin buni, chunki u kishidan ham yashirishyapti. Balki, shunda nimadir o‘zgarar. Bo‘lmasa, o‘zgarmasa, hozir bizning o‘zimizga qarshi ishlar ketyapti. Biz o‘rganib qolganmiz. O‘zimizni qamashga harakat qilishadi, aybdor qilishga harakat qilishadi, haqiqatni yashirish uchun. Lekin bugun endi pichoq suyakka borib taqaldi”, deydi Kusherboyev o‘z murojaati avvalida.
Uning aytishicha, joriy yilning 25 oktyabr kuni kechasi obodonlashtirish xodimlari Yakkasaroy tumanining Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab 174 tup daraxt – mojjevelnik tagi bilan kesib tashlangan. "Daraxtlar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning topshirig‘i asosida kesilgan", deydi Kusherboyev.
“Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentimizning daraxt kesishga qarshi o‘rnatilgan farmoni asosidagi moratoriy talabiga zid. Ya’ni, bu hokim o‘rinbosari Prezidentning farmoniga ham ko‘ndalang qo‘yib qo‘ygan, qo‘pol aytganda. Shu yerda ham ekologiyasiga ham, boshqasiga ham “qo‘ydim, “davay” kesasan”, deyilgan, mana kesib tashlashdi. Endi, eng qizig‘i, bizda ekologiya xodimlari borib, tumandagi holatni o‘rganmoqchi, nazorat qilmoqchi bo‘lsa, ular bosim ostida ushlab, keltirilmagan, yaqinlashtirilmagan joyga. Hali ham shu ahvol”, deydi Ekologiya vaziri maslahatchisi.
Uning bildirishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligidan Respublika inspeksiyasi mas’ullari holatni o‘rganish uchun daraxtlar kesilgan joyga borib, ma’lumot tayyorlayotganda ularga nisbatan bosim bo‘lgan. Bundan tashqari, daraxtlar kesilgani haqida xabar tarqatgan, videolar e’lon qilgan Telegram-kanallarga ham bosim qilingan, xabarlar esa o‘chirtirilgan. Shuningdek, mutasaddi idoralar tomonidan kesilgan daraxtlar qurib qolgani iddao qilingan.
“Bo‘lmagan gap. Amaldagi qonunchilik bor. Daraxt kesishdan oldin qurigan bo‘lsa ham uni borib Botanika bog‘idagi dendrolog mutaxassislardan xulosasi olinadi. Keyin Ekologiya vazirligi ruxsat berishi mumkin. Hozirgi holatda hech qanaqa xulosa ham olinmagan, hech kim ruxsat ham bermagan. Bilmayman, bu hokim o‘rinbosari nima xohlayapti? Albatta, kesilgandan keyin uning o‘rniga boshqa yangi daraxt ekilishi kerak va u soliq to‘lovchilar hisobidan shakllanadigan byudjetdan yana pul ketkaziladi. Byudjetning puli shu ishlarga sarflanadi. Bundan kim manfaatdor o‘zi? Ko‘m-ko‘k ko‘karib turgan daraxtni kesib, uning o‘rniga boshqa ekishdan, shuncha xarajat qilishdan kim manfaatdor? Hurmatli o‘sha hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov, siz buni balki xalqqa tushuntirib berarsiz. Nega bunaqa?”, deya savol qo‘ygan Kusherboyev.
Shuningdek, u o‘z murojaatida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovni ham keskin tanqid qilgan.
“Endi nima bo‘lyapti? Biz buni tarmoqda e’lon qilyapmiz, chiqyaptimi? Bizning Respublika inspeksiyasi xodimlari u yerda, joyida. Hozir endi, demak, o‘sha Baxtiyor Rahmonov va janob “O‘zavtosanoat”da uzoq yillar rahbarlik qilgan hozirgi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boryapti va “Ekologiya bizga urush ochdi”, degan masalani qo‘yapti-da, anavi bizning Respublika inspeksiyasidan borib o‘rganish qilayotgan xodimimiz Nurbekovning yoqasidan olib, ichki ishlarga topshiriq berib, telefonini oldirib qo‘yyapti. Mana, bosim o‘tkazish yo‘li. Bu tumandagi xodim emas, bu Respublika vazirligi xodimi. Toshkent shahar hokimiyati qilayotgan ish, mana”, deydi u.
Bundan tashqari, Kusherboyev prokuratura va ichki ishlar faoliyatini ham keskin tanqid ostiga olgan.
“Qizig‘i bilasizmi nima? Bosh prokuraturadan boshlab shahar, tuman ichki ishlari – hammasi tomoshabin bo‘lib turibdi shu yerda. Prokuratura o‘zi ko‘p ishlarga tomoshabin bo‘lgan. Bundan keyin ham tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi. Faqat eng oddiy, anavi orqasida hech kim yo‘q, kambag‘al fuqarolarni ekologik yo‘nalishda huquqbuzarlik qilsa javobgar qilyapti. Lekin asosiy, katta huquqbuzarliklar, hokimlarning, o‘rinbosarlarining qilgan qonunbuzarliklariga ko‘z yumilyapti. Bu narsa Quvasoyda ham kuzatildi. Mana, yilning boshida, ko‘klamda Quvasoy shahrining hokimi juda ko‘p daraxtlarni kestirib o‘zboshimchalik bilan surdirib tashlagan. Borib o‘rganib, chora ko‘rish bo‘yicha hamma materialni prokuraturaga beryapmiz, prokuratura chora ko‘rmayapti. “Qurib qomabdi-ku, ko‘chiribdi-ku”, deb yonini olyapti. Bugun prokuraturaning ayrim xodimlari hokimiyatning advokati. Toshkent shahrida ham katta ehtimol bilan [shunday], afsus, biz hozir kimga ishonishni, kimga suyanishni ham bilmaymiz. Shuning uchun aytayotganim – xalq bilsin buni. Prezidentga ham yetib borsin, Prezident ham bilmayotgandir, balki. Aldashyapti u kishini. U kishi bilsin. Bugun ekologiyaning dushmani hokimiyatlar”, deydi Kusherboyev.
Shu bilan birga, u o‘tgan yili poytaxtda ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga chora ko‘rilayotganda vazirning birinchi o‘rinbosari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgan.
“Toshkent shahrida ekologik vaziyatning yomonlashishiga Toshkent shahar hokimiyati aybdor. Ular kestirtiryapti. Ular rasvo qilyapti. Hatto, o‘tgan yili mana shu Toshkent shahar bo‘yicha ko‘mir yoqib, ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga borib, o‘rganib, chora ko‘rayotganimizda, bizning vazirimizning o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosarini yakshanba kuni maktabdan, bolasining o‘qishiga xabar olishga borgan maktab joyidan o‘zini “Prezident xavfsizligi xodimiman” deb tanishtirgan shaxslar mashinaga bosib olib ketib, bizning vazir o‘rinbosarimizni olib borib, tiqib qo‘yibdi. Noqonuniy ravishda ushlab o‘tiribdi. “To‘xtat ekologik reydlaringni”, deb. O‘zini o‘sha tanishtirgan odam “Prezidentning xavfsizligidanman”, degan. Bizning bitta vazirimiz bor, o‘shaning akasi ekan. Biz qancha yozdik, Prezidentgacha, boshqagacha, hech kim chora ko‘rmadi. Mana ahvol. Vazir o‘rinbosarlarimiz anavi, mafiyalarcha, odam o‘g‘irligi kabi o‘g‘irlab olib ketib qolinsa, mana bu yerda inspeksiya xodimlari chora ko‘ra olmasa, kiritilmasa, anavi yoqasidan olib, telefonini olib qo‘yilsa, zo‘ravonlik qilib…” deydi u.
Shuningdek, Kusherboyev “Navoiyazot” AJ bilan bog‘liq holatni ham eslab o‘tgan va hatto Ekologiya vazirligini “tarqatib yuborish” bilan tahdid qilinganini ham ma’lum qilgan.
“Bu yoqda “Navoiyazot” AJ ham rosa o‘yin qildi. Butun shahar aholisini zaharlayapti. Uni o‘rganib chora ko‘ramiz desa, butun vazirlikni “tarqatib yuboraman” desa. Bunaqada ishlab bo‘ladimi, o‘rtoqlar? Mana bilib qo‘ying. Ekologiyaning dushmani kim o‘zi aslida? Mana shu gaplardan keyin, mayli endi, bizning peshonamizni bu yog‘iga nima kutib turibdi, to‘g‘risi. Mana ikki-uch yildan beri yurdik, o‘rganyapman, harakat qilyapman, lekin ishlashga qo‘yilmayapti”, deydi u.
Ekologiya vazirining maslahatchisiga ko‘ra, daraxtlar kesilishi ortidan xalq hokimliklardan emas Prezidentdan norozi bo‘ladi.
“Biz shunchaki qonuniylikni xohlayapmiz, xolos. O‘sha Prezident farmonining talabini bajarilishini xohlayapmiz, xolos. Lekin men hozir yana aytaman, mana shu hokim o‘rinbosari (Toshkent shahri) Prezidentning moratoriy talabini buzib, odamlarda norozilik keltirib, eng qizig‘i, hokimiyatdan ham emas, Prezidentdan norozi bo‘ladi odamlar. Bilmayman, Prezidentni obro‘sizlantirishdan bular “kayf qiladimi”, men tushunmayman, nimadir qilmoqchi bular”, deydi Kusherboyev.
U murojaatining yakunida Toshkent shahar hokimligiga bir necha savollar bilan yuzlangan.
“Men jamoatchilikdan, bizni o‘sha daraxt kesishga zo‘r bel bog‘layotgan hokim o‘rinbosari Rahmonovdan, Toshkent shahar hokimidan, ekologiyaga dushmanlik bilan qarayotgan u kishilarga ochiq savollar qo‘yilishini xohlayman. Har kim savol qo‘ysin. Birinchi savol: davlat byudjetini asossiz sarflash, ko‘karib turgan daraxtlarni kestirib tashlab, o‘rniga boshqa daraxtlar ekib, byudjetni, xalqning byudjetini bunaqa sarflashdan nima manfaatdorlik bor? Ikkinchisi: Prezidentning moratoriy talabini oyoqosti qilishga kim vakolat bergan sizlarga? Uchinchisi: qonunbuzarlik qilib, zo‘ravonlik qilib, uni-buni militsiyaga ayttirib tiqtirish, telefonni oldirib qo‘yish va hokazo qilish, ya’ni siz kabi boshqa ham o‘zining davlat xizmatini qilyapti. Bunga sizga kim huquq bergan? Qayerdan olyapsiz buncha jur’atni? Mana shu uchta savolga javob bering”, deydi Kusherboyev.
Live
Barchasi