O‘zbekistonda 2 mingdan ziyod nomsiz ko‘chalar, 1 milliondan ortiq raqamsiz uylar bor
Jamiyat
−
15 Oktabr 2020
4748O‘zbekistonda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik yoki yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish muammosiga hamon davom etyapti. Bu masalaga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishda ham to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilishicha, birgina joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sug‘oriladigan, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari.
Yig‘ilishda agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan ta’minlanishi aytildi. Bundan tashqari, kosmosdagi sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatuvdan foydalanib, noqonuniy qurilmalarni tezkor aniqlash va qurilishni ilk bosqichidayoq bartaraf etish imkonini beradigan axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu dastlab ayrim viloyatlarda sinovdan o‘tkaziladi.
Barcha viloyat, tuman va shaharlarning ma’muriy chegaralarini aniqlash ishlarini shu yil yakuniga yetkazib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash vazifasi qo‘yildi. 2 mingdan ziyod nomsiz ko‘chalar, 1 milliondan ortiq raqamsiz uylar borligi qayd etilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
LiveBarchasi