O‘zbekistonda 15 kg dan ziyod giyohvandlik moddasini sotayotganlar ushlandi

3-sahifa

image

Bir necha viloyatlarda qariyb 15,5 kg giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dastlab Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Panjikent tumanida yashovchi shaxs Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi 2 nafar tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, Tojikiston davlatidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 9 kg 530 gr opiy moddasini 55 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Zomin tumanidan esa 3 nafar Tojikiston Respublikasi fuqarolari qo‘lga olinib, ulardan 2 kg 986 gr gashish moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Dashtobod shaharchasidagi umumiy ovqatlanish maskanida sheriklarini kutib turgan yana bir tojikistonlik ham ushlangan. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi ham Tojikistondan olib kelingan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida yashovchi shaxs boshqaruvidagi Matiz mashinasi Muborak tumanidagi “Shirinbuloq” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Shu jarayonda mashinada bo‘lgan fuqaroning yonida 973 gr geroin moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi dala maydoniga 1 kg 968 gr geroin moddasi ko‘mib qo‘yilgani aniqlangan.

“Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro aeroportida so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik miqdordagi – 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingandi.


Maqola muallifi

Teglar

giyohvandlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing