Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi (video)
3-sahifa
−
07 Sentabr 2023
12272Toshkent xalqaro aeroportida so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik miqdordagi – 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yo‘llari orqali respublikaga xorijdan olib kelinib, so‘ngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 25 tonna og‘irlikdagi 1000 qop qandolat ko‘knorisi urug‘lari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
“Odatda turli pishiriqlarga qo‘shiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat ko‘knorisi garchi o‘xshash bo‘lsa-da, an’anaviy ko‘knori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi. Ya’ni, ushbu mahsulot ko‘knori oilasiga mansub o‘t o‘simliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urug‘lari hisoblanadi”, deydi Husan Tangriyev.
Biroq bojxona ko‘rigi davomida hujjatlarda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida qarangki, haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna ko‘knori somoni borligi aniqlangan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ta’kidlash joizki, bitta holatda 8,5 tonna giyohvandlik vositasining fosh qilinishidek eng yirik ko‘rsatkich O‘zbekiston bojxona xizmati organlarining so‘nggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” 2015 yil 12 noyabrdagi 330-sonli qaroriga binoan ko‘knor somoni mamlakat hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.
LiveBarchasi