Endi bolalarni giyohvandlikka jalb qilganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda bolalarni giyohvandlikka jalb qilganlik uchun 10 yilgacha qamoq jazosi belgilandi. Bu haqda Prezident joriy yilning 14 oktyabr kuni imzolagan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”qonunda so‘z boradi.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 276-10-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Endi mazkur tahrir bo‘yicha voyaga yetmaganlarni spirtli ichimliklar yoki aqliy-irodaviy faoliyatga ta’sir etuvchi vosita va moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun, shunday qilmish uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, jarima miqdori yuz va ikki yuz baravardan bir yuz ellik (66 mln so‘m) va ikki yuz ellik (110 mln so‘m) baravargacha oshirildi.

Bundan tashqari, shunday qilmish uchun 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bungacha ozodlikdan mahrum qilishning eng yuqori muddati uch yilni tashkil etardi.

Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxslarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning alohida toifasini iste’mol qilishga jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3-5 yildan 5-7 yilgacha oshirildi. Agar jinoyat takroran, 2 yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki ta’lim muassasasi hududida sodir etilsa, shuningdek, inson o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Avval bunday holatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing