O‘zbekistonda 14 sentyabrdan 2635 ta maktab ochiladi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2020
11916O‘zbekistonda joriy yilning 14 sentyabridan avvalroq ochilgan 329 ta maktabni qo‘shib hisoblaganda 2635 ta maktabda o‘quv yili an’anaviy tarzda boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ma’lumki, pandemiya vaqtida maktablar mahalliy Xalq deputatlari kengashlari qarori bilan ochilyapti. Shu tartibga ko‘ra, qolgan maktablar oktyabr oyiga qadar individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.
Bunday qaror hududdagi epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilarda aniqlangan koronavirus ko‘rsatkichi, hududdagi sog‘liqni saqlash tizimining vaziyatga tayyorligidan kelib chiqib qabul qilinadi.
“Har bir viloyat va tuman kesimida faoliyati tiklanayotgan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishliligi bo‘yicha hokimliklar va tuman xalq ta’limi bo‘limlari rasmiy internet tarmoqlarida e’lon qilinishi belgilangan. Shu bilan birgalikda, maktablar sinf rahbarlari orqali ota-onalarni xabardor qiladilar”, deydi vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, maktabi faoliyatini tiklamagan o‘quvchilarning ta’lim olishi 14 sentyabrdan “Onlayn-maktab” loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali ta’minlanadi. Onlayn maktab loyihasi doirasida darslar jadvali kunlik ravishda e’lon qilib boriladi.
LiveBarchasi