O‘zbekistonda 10 ta sel-suv ombori quriladi
Jamiyat
−
07 noyabr
9363O‘zbekistonda 10 ta sel suv ombori qurish ishlari boshlanadi. Bu bo‘yicha bugun, 7 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda mutasaddilarga topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatish muhim masalalardan biri. Masalan, Qo‘shrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi.
U yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.
Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.
Prezident suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish ekanini ta’kidladi.
Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q.
Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.
Hozirda suv solig‘idan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.
Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum byudjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi