Pokistonda kuchli yomg‘irlar oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
26 iyul 2309 2 daqiqa
Pokistonning Diamer tumanida yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan sel va ko‘chkilar 20 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, ular orasida 4 sayyoh ham bor. Bu haqda “Pakistan Today” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tabiiy ofat oqibatida 200 dan ortiq sayyoh halokat hududida qolib ketgan, ular tezda evakuatsiya qilingan. Txak Babusar qishlog‘i aholisi 100 nafardan ziyod odamni uylariga joylashtirgan.
Jal va Diyun o‘rtasidagi yo‘nalishda 15 ta aholi punktini sel va ko‘chkilar bosib qolgan. Babusar trassasi yopib qo‘yilgan, qachon qayta ochilishi noma’lum. Shuningdek, Karakorum shoh yo‘lining ayrim qismlari ham berkitilgan bo‘lib, 10 dan ortiq mashina tirbandlikda qolgan.
Chilas shahrida evakuatsiya qilinganlar uchun vaqtinchalik turargohlar tashkil etilgan. Mahalliy hokimiyat vakillari jabrlangan hududlarga tashrif buyurgan, ammo noqulay geografik sharoit tufayli ayrim joylarga borishning iloji bo‘lmagan.
Shu bilan birga, Islomobodda ham kuchli yomg‘irlar oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 8 yoshli qizaloq ham bor. Bir o‘smir livnevkada cho‘kib ketgan, yana bir otani va uning qizini sel avtomobil bilan birga olib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda kuzatilgan kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Eng ko‘p qurbonlar Xayber-Paxtunxva viloyatida qayd etilgan. U yerda 21 kishi, jumladan 10 nafar bola vafot etgan. Shimoli-sharqdagi Panjob viloyatida 13 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi Sind va Balujiston viloyatlarida qurbon bo‘lgan. Ayrim kishilar tabiiy ofat oqibatida binolar qulab tushishi sababli vafot etgan.
Live
Barchasi