O‘zbekistonda 1,27 million gektarda o‘rmon barpo etiladi
Jamiyat
−
18:40 664 3 daqiqa
O‘zbekistonda 2026-2030 yillarda 1,27 million gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanish bugun butun mintaqa uchun dolzarb ekologik muammoga aylanmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakat hududining qariyb 80 foizi cho‘l va yarim cho‘l maydonlaridan iborat. Yerlarning sho‘rlanishi, qum ko‘chishi, chang bo‘ronlari va garmsellar, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Orol dengizining qurishi mazkur jarayonni yanada kuchaytirgan. Qurigan tubda Orolqum cho‘li shakllanib, havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang keng hududlarga tarqalmoqda. Shu bois, Orolbo‘yida yashil qoplamalar barpo etish, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar tashkil etilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 2020 yildagi 8 foizdan 2025 yilda 14,3 foizga yetgan. Orolbo‘yi, chegaradosh va qurg‘oqchil hududlarda yashil qoplamalar hamda himoya o‘rmonzorlarini yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Taqdimotda 2026-2030 yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan. Jumladan, 1,27 million gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, tog‘ va tog‘oldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish taklif qilingan.
Davlat rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini ta’kidlagan. Shu maqsadda “cho‘l iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qo‘riq va sho‘rlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bu borada Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish taklif etilgan. Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilingan.
Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Cho‘llanish va yer degradatsiyasi chegara bilmaydigan muammo ekani, shu bois, unga qarshi kurashishda yagona mintaqaviy yondashuv, ilmiy hamkorlik, ma’lumot almashish va texnologiyalar transferi muhimligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, “Yashil qalqon” mintaqaviy dasturi doirasida amaliy loyihalarni ko‘paytirish, 2040 yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish tashabbuslari ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida “Green Samarkand” modeli ishga tushirilishi va viloyat markaziga shaxsiy avtotransport kirishi bosqichma-bosqich kamaytirilishi haqida xabar berilgan edi.