O‘t balosi: Antaliyada yong‘in aholi yashaydigan uylarni vayron qildi
Olam
−
12:21 397 2 daqiqa
Turkiyaning Antaliya viloyatida o‘rmon yong‘inlari aholi yashash hududlariga ham tarqaldi. Bu haqda Antaliya gubernatori Hulusi Shahin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Aksu tumanida boshlangan yong‘in Karao‘z va Yeshilkaraman mahallalariga kirib borib, uylar, issiqxonalar va hayvonlar saqlanadigan joylarga xavf tug‘dirgan. Kamida 254 ta uy aholisi xavfsizlik uchun evakuatsiya qilingan.
Gubernatorning aytishicha, Aksu tumanining Yeshilkaraman mahallasida joriy yilning 7 sentyabr kuni kechqurun boshlangan yong‘in shamol kuchayishi ortidan yana avj olgan. Alanga o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan qurilgan himoya to‘siqlarini bir necha joydan yorib o‘tib, mahallalar ichkarisiga tarqalgan.
“Yong‘in Karao‘z va Yeshilkaraman mahallalarimiz ichiga tarqalib, u yerdagi uylar, issiqxonalar va hayvonlar saqlanadigan molxonalarni xavf ostida qoldirdi. Xodimlarimiz katta sa’y-harakat qildi. Dastlab zarar ko‘rgan bir nechta uyni hisobga olmaganda, qolgan uylarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik”, degan Shahin.
Ayni paytda yong‘inni o‘chirish ishlari havodan va quruqlikdan davom ettirilmoqda. Gubernator shamol biroz susayganini, havo yorug‘ paytda samolyot va vertolyotlar, qorong‘i tushgach esa, quruqlikdagi ekipajlar orqali kurash davom etishini bildirgan.
Kumluja tumanida ham kecha, 8 sentyabr kuni soat 14:00 atrofida yirik o‘rmon yong‘ini boshlangan. Shahinning so‘zlariga ko‘ra, bu yong‘inning kuchi ancha pasaygan va hozirda aholi yashash hududlariga bevosita xavf tug‘dirmayapti.
“10 ga yaqin uy zarar ko‘rdi, biroq hozir aholi yashash joylarida tahdid yo‘q. Kurash havodan va quruqlikdan davom etmoqda”, degan gubernator.
Uning qayd etishicha, Kumlujadagi yong‘in jandarmeriya bo‘linmasiga ham yaqinlashgan. Ko‘rilgan choralar natijasida jandarmeriya binosi va boshqa inshootlarning katta qismi saqlab qolingan. Biroq ayrim zararlar yetgan, bir nechta hayvon ham nobud bo‘lgan. Yong‘in to‘liq o‘chirilgach, yetkazilgan zarar miqdori aniqlanadi.
Shuningdek, Shahin Aksudagi yong‘in 24 soatdan ortiq vaqt davom etayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, hozir ikkala yong‘inning ham aholi yashash hududlariga tahdidi sezilarli darajada kamaygan.
Yong‘in xavfi yuzaga kelgan hududlardagi uylar vaqtincha evakuatsiya qilinmoqda. Xavf bartaraf etilgach, aholi o‘z uylariga qaytmoqda. Shuningdek, yong‘in sababli Antaliya – Isparta avtomobil yo‘li xavfsizlik chorasi sifatida transport harakati uchun yopilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Antaliya va Adana viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.