Turkiyaning 9 viloyatida o‘rmon yong‘inlari avj oldi (fotoreportaj)

Olam

image

Turkiyaning 9 viloyatida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlariga 3 514 nafar xodim, 23 ta samolyot, 54 ta vertolyot va 1 035 ta maxsus texnika jalb etildi. Bu haqda “A Haber” xabar berdi.

Qayd etilishicha, eng murakkab vaziyat Mug‘la, Antaliya, Balikesir va Izmir viloyatlarida kuzatilmoqda. Mug‘laning Seydikemer tumanida kuchli shamol ta’sirida keng hududga tarqalgan yong‘in sabab 408 ta uy ehtiyot chorasi sifatida evakuatsiya qilingan. Shuningdek, Seydikemer davlat shifoxonasidagi 45 nafar bemor yaqin atrofdagi shifoxonalarga ko‘chirilgan.

 

Yong‘inni o‘chirish ishlariga 25 ta havo texnikasi, 410 ta quruqlik texnikasi va 1 141 nafar xodim jalb etilgan. Antaliya viloyatining Kumluja va Qash tumanlarida ham yong‘inlarga qarshi kurash davom etmoqda. Kumlujada olov aholi yashash joylariga yaqinlashgani sabab 50 ta uy ehtiyot chorasi sifatida bo‘shatilgan.

 

Shu bilan birga, Balikesirning Edremit–Oltinoluk va Gyomech tumanlari, shuningdek, Izmir viloyatidagi yong‘inlarni o‘chirish ishlari ham davom etmoqda. Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumaklining ma’lum qilishicha, Chanoqqal’a, Yalova, Oydin, Kutahya va Manisa viloyatlaridagi yong‘inlar nazorat ostiga olingan.

 

“Kechadan buyon mamlakatimiz bo‘ylab yuz bergan 115 ta yong‘inga qarshi kurash olib bormoqdamiz. Shundan 69 tasi o‘rmon hududlaridan tashqarida yuz berdi. Kecha asosan nazorat ostiga olinganini ma’lum qilganimiz Balikesirning Edremit, Chanoqqal’aning Ayvajik va Antaliyaning Kumluja tumanlaridagi yong‘inlar endi to‘liq nazorat ostiga olindi“, deydi Yumakli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Mug‘la, Antaliya, Balikesir va Chanoqqal’a viloyatlarida bir vaqtning o‘zida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari sabab avtomobil yo‘llari yopilgani, shifoxona, qariyalar uyi va yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing