O‘zbekistonda harbiy va idoraviy formaga o‘xshash kiyim kiyganlar jazolanadi
Jamiyat
−
28 iyul 3090 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda harbiy va idoraviy formaga o‘xshash kiyim kiyganlar jazolanishi mumkin. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkoniyatini yaratishi mumkin. Oqibatda haqiqiy davlat xizmatchisini boshqa shaxsdan ajratish qiyinlashadi.
Shu munosabat bilan qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Bildirilishicha, belgilanayotgan normalar, eng avvalo, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga, davlat xizmati obro‘sini himoya qilishga hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati, huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri va taklif etilayotgan huquqiy mexanizmlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan. Shuningdek, ayrim normalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bu haqdagi qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust