O‘zbekistonda har bir shahar va tumanda “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda shaharlar va har bir tuman markazida piyoda va velosipedda yurish uchun "Salomatlik yo‘laklari" tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi. 

Hujjatga ko‘ra, hokimliklar Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning 15 noyabriga qadar yo‘laklar loyihalarini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradi.

Yo‘laklarni qurish ishlari 2021 yil 1 yanvardan boshlanib, 2021 yil 1 mayga qadar tugatilishi belgilandi.

Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

•    piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3-5 kilometrni tashkil etadi va o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘ladi;

•    zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarni boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanadi;

•    piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlari yaratiladi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun "to‘siqsiz muhit" tashkil etiladi.

2021 yil uchun investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo‘yilmalar hisobidan markaziy ko‘chalarni modernizatsiya qilish uchun jami 1,4 trln so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi 2021 yil davomida bosqichma-bosqich barcha tumanlarda aholi uchun qulay ko‘chalarda umumiy uzunligi 50 km bo‘lgan piyoda va velosipedda yurish uchun "Salomatlik yo‘laklari"ni tashkil etadi. Buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi poytaxt hokimligiga 2023-2024 yillarda qaytarish sharti bilan 20 mln dollar miqdorida foizsiz ssuda beradi.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, 2022 yildan boshlab Nukus, Buxoro, Nurafshon, Samarqand, Termiz, Xiva, Shahrisabz va Qo‘qon shaharlarida hamda 2023 yildan boshlab respublikaning barcha yirik shaharlarida piyoda va velosipedda yurish uchun Salomatlik yo‘laklari" tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

salomatlik farmon

Baholaganlar

58

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing