O‘zbekistonda ham kuchli zilzila bo‘lishi mumkinmi?  FVV aholiga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Bugun, 6 fevral kuni Turkiya Respublikasida sodir bo‘lgan hamda Suriyada ta’siri sezilgan zilzilalar o‘zbekistonliklar o‘rtasida turli sarosimalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, O‘zbekistonning  qo‘shnisi hisoblangan Afg‘onistonda ham aynan bugun 4,1 magnitudali, Qozog‘istonda esa 5,4 magnitudali zilzilaning yuz bergani ushbu vahimali holatni yanada kuchaytirib yubordi.

Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur xavotirlar yuzasidan munosabat bildirib, O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emasligini ma’lum qildi.

“Bugungi kunda respublikamizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida Seysmik vaziyatni baholash va kelgusidagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo‘yicha Idoralararo ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Mazkur Idoralararo ekspert komissiyasi har hafta bo‘yicha Respublika va unga chegaradosh hududlarda zilzila sodir bo‘lish ehtimolligini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholaydi. 

Hozirgi kunda zilzilalarni prognoz qilish sohasida seysmometrik, geofizik, magnitometrik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib boriladi. 

Olingan kuzatuv ma’lumotlari natijalariga asosan Idoralararo ekspert komissiyasining 2023 yil 3 fevraldagi 5-sonli bayoni xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 bo‘lgan zilzilalar darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emasligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.

Vazirlikning qayd etishicha, Turkiya hududi seysmik faol zonada joylashgan bo‘lib, zilzilalar aynan mazkur seysmogen zonalarda sodir bo‘lmoqda.

Shu sababli O‘zbekiston hududida seysmogen holat, bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholiga xolis va ishonchli ma’lumotlar taqdim etish zarur.


Maqola muallifi

Teglar

FVV zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing