O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha YeI bilan kelishuvga erishdi

Jamiyat

image

Kecha, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlaganini e’lon qildi. Bu haqda Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Bildirilishicha, bu voqea Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo davlati bilan bozorga kirish masalalari, eksport va import bojlariga doir imtiyozlar hamda xizmatlar sohasi bo‘yicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlashni anglatadi.

“Ushbu natija ikki yildan ortiq faol muzokaralar, muloqotlar, tahlil va hamkorlikdagi mehnatning samarasidir. Barcha sa’y-harakatlar, sabr-toqat va hamjihatlik bugungi o‘zaro manfaatli kelishuvga olib keldi. Shu munosabat bilan, Yevropa Ittifoqi muzokara guruhiga, xususan, Yevropa Komissiyasining Savdo bo‘yicha bosh direktori Sabin Veyand xonimga, bosh muzokarachi Tamash Machzak, Mari-Per Nikora va jarayonda qatnashgan barcha hamkasblarga chuqur minnatdorlik izhor etaman. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari, Bosh vazir o‘rinbosari va Idoralararo qo‘mita raisi hamda muzokara guruhi a’zolariga qo‘llab-quvvatlashi uchun chin yurakdan minnatdorlik bildiraman”, deydi u.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-JST a’zosiga aylangan. Bungacha, o‘tgan hafta Panama bilan 30-muzokara yakunlangan edi.

Shuningdek, Yevrokomissiya ham bu haqda e’lon qildi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuv O‘zbekistonning tovarlar importi va eksporti uchun maksimal tarif stavkalari bo‘yicha majburiyatlarini va xizmatlar sohasida O‘zbekistonning imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu majburiyatlar va imtiyozlar kelajakda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bayonnomada o‘z ifodasini topadi.

Shuningdek, shu kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘zaro manfaatli sohalar – savdo, investitsiya va hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni (EPCA) ham imzolagan.

“Bu qadam Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi hamda 2025 yil 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan “YeI – Markaziy Osiyo” sammitida mintaqaviy hamkorlikning strategik darajaga ko‘tarilganini amalda tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakuniga ko‘ra Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi uchinchi yirik savdo hamkori (umumiy tashqi savdodagi ulushi 10,4 foiz) va ikkinchi yirik eksport bozori (eksportdagi ulushi 7,2 foiz) hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaga rasmiy tashrifi yakunlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston EI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing