O‘zbekiston JST a’zosi bo‘lish uchun faqat 1 davlat bilan muzokarani yakunlashi qoldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lish uchun faqat 1 davlat bilan muzokarani yakunlashi kerak. Bu haqda Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek O‘rinov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, O‘zbekiston 2025 yida JSTga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlagan. 40 dan ortiq muzokara raundlari hamda Ishchi guruhning 2 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, 200 dan ortiq yozma savollarga javoblar berilgan. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya va boshqa yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishilgan. Hozirda faqat bitta ikki tomonlama muzokara yakunlanishi kutilmoqda.

Bildirilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonda JST talablariga muvofiq 30 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qiligan, jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasining 4 ta qonuni;
  • Prezidentning 8 ta farmon va qarorlari;
  • Vazirlar Mahkamasining 12 ta qarori;
  • 6 ta idoraviy hujjat;
  • Qo‘shimcha ravishda 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlangan.

Shuningdek, bojxona tartibotlari, eksport bojlari, savdoni himoya qilish choralari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya hamda savdodagi texnik to‘siqlar (SPS va TBT) sohalarida kompleks islohotlar amalga oshirilgan.

2026 yil uchun ustuvor vazifalar sifatida qolgan bitta (Tayvan bilan) ikki tomonlama muzokarani yakunlash, ko‘p tomonlama muzokaralar va Ishchi guruh hisobotini tugatish, qonunchilikni to‘liq muvofiqlashtirish va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Azizbek O‘rinov Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlovchi protokolni imzolagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

JST Jahon savdo tashkiloti Azizbek O'rinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing