O‘zbekiston JSTga a’zolik borasida Rossiya bilan so‘nggi protokolni imzoladi
Jamiyat
−
11:09 3341 2 daqiqa
Kecha, 21 dekabr kuni Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek O‘rinov Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarini yakunlovchi protokolni imzoladi. Bu haqda O‘rinov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozib qoldirdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur muzokara Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.
“Muzokaralar uzluksiz, ammo mazmunli va konstruktiv bo‘lib o‘tdi va bugungi ijobiy natija bilan yakunlandi. Men ushbu imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekistonning a’zo bo‘lish jarayonidagi faol ishtiroki uchun Rossiya Federatsiyasiga, rahbarligi uchun vazir Maksim Reshetnikovga, qo‘shgan muhim hissasi uchun xonim Mayorovaga, ko‘maklashgani uchun elchi Platonovga va qimmatli hamkorligi uchun Rossiya muzokaralar guruhiga samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman”, deya yozgan O‘rinov.
Prezident vakili, shuningdek, ayni paytda ko‘p tomonlama muzokaralarni ilgari surishga, zarur qonunchilikni yangilashni yakunlashga va kelgusi yilda a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashga to‘liq e’tibor qaratilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 dekabr kuni Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Prezidenti Santyago Penya huzurida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangandi.
Qolaversa, O‘zbekiston o‘tgan oyda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha yana ikki mamlakat – Kanada va Panama bilan muzokaralarni yakunladi. Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘rinov Rossiya bilan muzokaralar deyarli yakunlangani, oldinda faqat Tayvan bilan muloqot qilish turganini aytgandi.
Live
Barchasi