O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi
Jamiyat
−
29 may 1411 2 daqiqa
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida Hindiston bilan muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni rasman imzoladi. Ushbu muzokaralarning parametrlari 2024 yilda kelishib olingan edi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon muayyan sa’y-harakatlarni talab etgan, chunki tomonlar texnik verifikatsiyani (tekshiruvni) amalga oshirishlari va hujjat matnini Hindiston tomoni bilan batafsil muvofiqlashtirib olishlari kerak bo‘lgan. Shunga qaramay, bozorga kirish masalalarining mohiyati bo‘yicha Nyu-Dehli nihoyatda konstruktiv yondashuv namoyish etgan.
Azizbek O‘runov Hindistonga O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorchilik bildirgan. U ushbu natijaga erishishda O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant, shuningdek, diplomatlar Anitxa Nandxini Ravintxeranatx, Gaurav Gupta va elchi Sentxil Pandianlarning ko‘rsatgan ulkan zahmatlarini alohida e’tirof etgan. Imzolash marosimidan so‘ng, O‘zbekiston jamoasi protokolning asl nusxalaridan birini keyinchalik umumlashtirish uchun JST kotibiyatiga yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev JSTga kirish jarayonini tezlashtirishni topshirgan edi. O‘tgan yili O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgan. Ularda 200 dan ortiq savollarga javoblar, 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar JST a’zolariga taqdim etilgan. Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borilgan. 2025 yilning o‘zida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, bunday davlatlarning umumiy soni 33 taga yetgan.
Live
Barchasi