Saida Mirziyoyeva JST rahbari bilan muloqot o‘tkazdi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni yangi bosqichga kirib bormoqda. So‘nggi yillarda muzokaralar jadallashib, mamlakatning JST doirasidagi ishtiroki tobora faollashmoqda. Xususan, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 13 ta Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi, 35 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar boshlandi va ularning 33 tasi yakunlandi. Milliy qonunchilikning qariyb 200 ta hujjati JST talablariga muvofiqlashtirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tashkilot ichidagi muloqotlarda ham o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Mamlakat rivojlanayotgan davlatlarning norasmiy guruhi – IGDC a’zosi bo‘ldi va JSTga qo‘shilayotgan davlatlar norasmiy guruhida muvofiqlashtiruvchi maqomini oldi.

Bu jarayonning yana bir muhim jihati – yuqori darajadagi muntazam muloqot. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Prezident Administratsiyasi rahbariyatining JST Bosh direktori bilan Jeneva, Nyu-York va Toshkentdagi uchrashuvlari tashkilotga a’zo bo‘lish masalasi O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ko‘rsatadi. JST rahbari ham mamlakatning a’zo bo‘lish jarayonini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Kecha, 24 sentyabr kuni mana shunday muloqotlardan biri bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari va Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori o‘rtasida kechgan muloqot davomida O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni qanday ketayotganini hamda oldinda turgan yakuniy vazifalar muhokama qilingan.

“Bizni doimiy qo‘llab-quvvatlab, ekspertlik ko‘magini berayotgan qadrli Okonjo-Iveala xonimga minnatdorlik bildiraman. Bu yo‘lning katta qismini bosib o‘tdik, bundan keyin shahdimizni susaytirmasdan, boshlangan ishni nihoyasiga yetkazishimiz juda muhim”, deya yozib qoldirgan uchrashuv haqida Saida mirziyoyeva.

Qayd etish joiz, JSTga a’zolik – bu shunchaki xalqaro tashkilotga qo‘shilish emas. Bu O‘zbekistonning jahon savdo tizimidagi o‘rnini belgilaydigan, milliy qonunchilik va iqtisodiy muhitni xalqaro qoidalar bilan uyg‘unlashtirishni talab qiladigan kompleks jarayondir.

Bugun bu yo‘lda muzokaralar davom etmoqda. Keyingi bosqich – erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish va jarayonni yakuniy a’zolik sari olib borish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BlackRock rahbariyati – kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Danilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing