O‘zbekiston yo‘l ta’mirlash uchun OTBdan qarz oladi
Jamiyat
−
07 aprel 2022
10569Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi avtomagistrallarni ta’mirlash uchun 273,8 mln dollar qarz beradi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorda aytilishicha, OTB Direktorlar kengashi tomonidan “Milliy avtomobil’ yo‘llarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davr bilan 24 yil muddatga 273,8 mln AQSH dollari miqdorida qarz mablag‘lari ajratish ma’qullangan.
Qarz mablag‘larining:
• 183,8 mln AQSH dollari “4R105 “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yo‘lining 5—70 km.lari va 4R100 “Manguzar – Jarqo‘rg‘on – Bandixon — Oltinsoy – Denov” avtomobil yo‘lining 128—174 km qismlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirishga;
• 90 mln AQSH dollari – “AZ80 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 228—315 km (87 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini yakunlashga sarflanadi.
Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2022-2027-yillar, shu jumladan to‘rt yillik imtiyozli davr).
Hujjatda avtomobil yo‘llari qo‘mitasi loyihani amalga oshirish, shuningdek, OTB qarz mablag‘laridan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish uchun mas’ul ijro etuvchi organ ekanligi belgilandi. Uning qoshida loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etildi. Qo‘mita raisiga loyiha doirasida OTB bilan loyiha shartnomasini imzolash vakolati berilgan.
OTB kreditini to‘lash, shuningdek, u bo‘yicha foizlar, komissiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yakuniga bo‘yicha O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi birinchi marta 40 mlrd dollardan oshib 41,6 mlrd dollarni tashkil qilgandi.
LiveBarchasi