O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga tayyor. Bu haqda kecha, 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeOIK) raisi Mixali Myasnikovich va savdo bo‘yicha YeOIK Hayati a’zosi (vaziri) Andrey Slepnev bilan uchrashuvida so‘z borgan. 

Uchrashuv davomida YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomidagi O‘zbekistonning ittifoq bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Uchrashuvda YeOII xalqaro nufuzining ortib borishi va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik geografiyasining kengayib borishi qayd etildi. Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Xususan, o‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 75 foizga oshgani urg‘ulangan. 

“Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritganda, tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklik, teng huquqlilik va milliy manfaatlarni inobatga olish tamoyillariga, shuningdek, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘zaro sodiqligini bildirdilar.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, to‘siqlarsiz o‘zaro savdo qilishga sharoitlar yaratish va mintaqaning tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma kompleks dasturlarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar”, deb yozmoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati. 

Uchrashuvda logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, mavjud bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlash, texnik reglamentlar va texnik jihatdan tartibga solish me’yorlarini uyg‘unlashtirish, tarif va notarif tartibga solish sohasida mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, mehnat migratsiyasini soddalashtirish hamda mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha kelgusida olib boriladigan ishlar belgilangani aytilmoqda. 

Tomonlar O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki va Yevroosiyo barqarorlashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorligining istiqbollarini ham muhokama qilgan.

Uchrashuv yakunida yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida YeOIK bilan ekspertlar darajasida doimiy aloqalar mexanizmini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. “Bu ham O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

EOII

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing