O‘zbekiston YeXHTning yana bir tuzilmasiga qo‘shildi
Jamiyat
−
08 iyul 2019
2277O‘zbekiston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) ning Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhiga qo‘shildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament Assambleyasining Lyuksemburgda bo‘lib o‘tayogan 28-yillik sessiyasi ishida ishtirok etmoqda.
YeXHT PA 28-sessiyasining birinchi kuni yalpi majlisda Assambleya raisi Georgiy Sereteli o‘z nutqida xavfsizlik, taraqqiyot, demokratiya, atrof muhitni himoya qilish, aholi turmushini yaxshilash, sifatli davlat boshqaruvini ta’minlash masalalarini ilgari surishda qonun chiqaruvchilar alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tegishli qo‘mitalar ishida ishtirok etish bilan birga Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhi majlisida ham qatnashdi. 2017 yilda ta’sis etilgan mazkur Qo‘llab-quvvatlash guruhiga YeXHTning 24 ta ishtirokchi mamlakati qo‘shilgan. Guruhning asosiy vazifasi transport yo‘laklarini rivojlanirishga, savdo va tashuv tartib-taomillarini soddalashtirishga, shaxslar, tovarlar va xizmatlar erkin va xavfsiz harakatlanishiga ko‘maklashishdir. Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlash guruhiga qo‘shilgani e’lon qilindi.
Respublikaning ushbu guruhga qo‘shilishi transport-logistika infratuzilmasini, shuningdek muhim savdo yo‘nalishlari bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan jarayonlarni qonunlar chiqarish bilan qo‘llab-quvvatlash uchun salohiyat va imkoniyatlarni ancha kengaytirish imkonini berishi qayd etildi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHT PA Doimiy qo‘mitasining majlisida ham ishtirok etdi. Uning yakunlari bo‘yicha Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Roberto Montellaning vakolatlari muddati uzaytirildi.
Parlament a’zolari uchta umumiy qo‘mita a’zolari tarkibini tasdiqladi, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan YeXHT PA byudjetini qabul qildi va 29-yillik sessiyasi o‘tkaziladigan joy – Vankuver shahri (Kanada) belgilandi.
LiveBarchasi