O‘zbekiston yashash uchun arzon mamlakatlar qatoriga kirdi
Jamiyat
−
24 yanvar 2022
7905“Numbeo” global ma’lumotlar bazasi turli mamlakatlarda yashash qiymati indeksini yangiladi. 2022 yil yanvar oyi o‘rtalari holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 139 mamlakat orasidan 133-o‘rinni egalladi.
Yashash qiymati indeksi oziq-ovqat, restoranlar, transport va kommunal xizmatlarni (yashash xarajatlaridan tashqari) o‘z ichiga olgan iste’mol tovarlarining nisbiy narxini aks ettiradi. Reytingga asos qilib Nyu-York shahri olingan, chunki u uchta ko‘rsatkich bo‘yicha ham 100 indeksiga ega.
2022 yil yashash qiymati indeksi yetakchilari Bermud orollari, Shveysariya va Norvegiya bo‘lgan. Bu mamlakatlarda iste’mol xarajatlari eng yuqori hisoblanadi. Ro‘yxatning oxirgi o‘rinlarida Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston qayd etilgan.
O‘zbekiston 27,31 indeks bilan 133-o‘rinda joylashgan. Qozog‘iston 28,68 indeks bilan 129-o‘rindan joy egallagan.
Olma-ota va Toshkentdagi narxlarni taqqoslash shuni ko‘rsatganki, O‘zbekiston poytaxtida qimmat bo‘lmagan restoranlar va “fastfud”lardagi taomlar 13-29 foizga arzonroq, ammo ichimliklar qimmatroq. Toshkent bozorlarida mahalliy pishloq va sabzavotlarni xarid qilish foydaliroq — ularning narxi Olma-otadagidan 17-23 foizga arzon, ammo Qozog‘iston poytaxtida olma, banan va apelsinlar deyarli ikki baravar arzon. O‘zbekistonda transport va kommunal xizmatlar arzonroq, lekin bolalarning ta’lim olishi qimmatroq, o‘rtacha oylik esa pastroq.
LiveBarchasi