O‘zbekiston yangi elektr energiyasi bozori modeliga o‘tadi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
6361O‘zbekiston Energetika vazirligi bergan xabarga ko‘ra, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib borilmoqda.
Yangi qonun loyihasini ishlab chiqish borasidagi ishlar Energetika vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu ishga Buyuk Britaniya, Gruziya, Avstriya, Bolgariya va Italiya mamlakatlaridan ekspertlar, shuningdek, qonun ijodkorligi borasida katta tajribaga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qonun 2020 yil may oyining oxirida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi kutilmoqda.
“Shuningdek, Energetika vazirligi Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birgalikda 2023 yilda joriy etilishi kutilayotgan raqobatdosh elektr energiyasi bozori modelini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib boryapti. Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki tarkibida elektr energetikasi sohasini isloh qilish bo‘yicha ko‘p yillik nazariy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar - Gruziya, AQSH va Turkiya davlatlarining maslahatchilari ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi huzuridagi Loyiha guruhi mutaxassislari, shuningdek, xalqaro ekspertlar va maslahatchilar bozorning istiqbolli modellari va bozor munosabatlariga o‘tish usullarini o‘rganishmoqda. Elektr energiyasi bozori modeli va bozor munosabatlariga o‘tish Konsepsiyasi joriy yilning mart oyining oxiriga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki, Serbiya va Buyuk Britaniya mamlakatlarining xalqaro maslahatchilari Elektr tarmoqlari kodeksini (Grid Code) ishlab chiqilgan. Elektr tarmoqlari kodeksining amalga oshirilishi mamlakatga energiya kompaniyalari va elektr energiyasi iste’molchilarining funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini tizimlashtirish va aniqlashtirish imkonini berishi aytilmoqda. Rejaga ko‘ra, Grid Code loyihasi hukumatga joriy yilning may oyi oxirida taqdim etiladi.