O‘zbekiston vaksina zaxirasi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida yetakchi bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholining 88,7 foizini emlashga yetadigan vaksina bor. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bunday natijaga COVAX dasturi doirasida va boshqa ikki tomonlama shartnomalar asosida vaksina xarid qilish orqali erishgan. Bu MDHdagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Kanada (412 foiz), AQSH (211,5 foiz), Avstraliya (325,5 foiz), Shvetsiya (273,7 foiz) aholisining vaksina bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Eng past ko‘rsatkich esa Turkmaniston (0,5 foiz) va Belarusda (13,1 foiz) kuzatilgan. 

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘istonda aholisining 70 foizini emlashga yetarli vaksina bo‘lsa, Tojikistonda aholining 48,0 foiz, Qirg‘izistonda 37,3 foizini emlash uchun yetarli vaksina bor. 

Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, Qozog‘iston aholisining 5 408 959 nafarini (28,44 foiz) emlagan. Mamlakatda 3 799 879 kishi (19,98 foiz) to‘liq emlangan. Qirg‘izistonda 461 947 kishi (6,96 foiz) emlangan, 117 311 kishi (1,77 foiz) esa to‘liq vaksina olgan. Tojikistonda 462 542 kishi (4,73 foiz) emlangan bo‘lsa, 29 524 (0,30 foiz) kishi esa to‘liq emlangan. 

Avvalroq, Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani haqida xabar bergandik. 

Joriy yilning 30 iyul kuni  O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelingandi. 

O‘zbekiston joriy yilning 1 noyabriga qadar aholining 70 foizini emlashni rejalashtirmoqda. 

 Kecha, 2 avgustda O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 327 628 doza COVID-19ga qarshi vaksina qo‘llanildi. Ayni kungacha jami 8 009 376 doza vaksinadan foydalanilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 1 232 807 nafarni tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina koronavirus

Baholaganlar

94

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing