O‘zbekiston vakili NATO yig‘ilishida qatnashdi

Jamiyat

image

Kecha, 5 iyun kuni NATO Harbiy qo‘mitasi tanlangan hamkorlar – Jazoir, Ozarbayjon, Iordaniya, Quvayt va O‘zbekiston bilan energetika xavfsizligi, shuningdek, mavjud sheriklik doirasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirishdan foyda ko‘radigan asosiy yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi. Tematik seriyadagi ikkinchi uchrashuv bo‘lgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan polkovnik Anvarjon Akbarov ishtirok etdi. Bu haqda NATO saytida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishni ochar ekan, NATO Harbiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, general-leytenant Lens Landrum hamkor harbiy vakillarni qutlab, umumiy muammolarni hal qilish va global xavfsizlik masalalarini muhokama qilish muhimligini ta’kidlagan.

“Sheriklarimiz bilan mustahkam aloqa va hamkorlikni rivojlantirish orqali biz strategik va global muhitni ijobiy shakllantirishimiz, xavfsizligimizni mustahkamlashimiz hamda tobora raqobatdosh va murakkab dunyoda qadriyatlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, shu bilan birga, xalqaro tartibni ta’minlovchi me’yorlarni himoya qilishimiz mumkin”, degan Lens Landrum.

Shundan so‘ng, NATOning Energetika xavfsizligi bo‘yicha markazi direktori, polkovnik Darius Uzkuraytis so‘z olgan. U har bir davlat muhim infratuzilma va energiya xavfsizligi haqida gap ketganda, o‘z mustahkamligini ta’minlashga mas’ul ekanini aytgan.

Tadbirda NATO Harbiy qo‘mitasi hamkorlaridan Ozarbayjon va Iordaniya vakillari ham tinglangan. Ozarbayjon bo‘yicha harbiy vakillar polkovnik Agaverdi Guliyev va doktor Esmira Jafarova mamlakatning energetika xavfsizligi strategiyasi haqida ma’lumot berib, tabiiy gaz manbalari va yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini eksport qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qayd etgan. Iordaniya bo‘yicha harbiy vakil polkovnik Muhammad Hasan ham o‘z davlatining strategik qarashlariga to‘xtalib, uning energiya xavfsizligi ustuvor yo‘nalishlarini qayd etib o‘tgan. Uning aytishicha, mazkur yo‘nalishlar import energiyaga bog‘liqligini kamaytirish orqali xavflarni ozaytirish, muhim energiya ob’ektlarini himoya qilish, shuningdek, milliy barqarorlikni ta’minlash uchun kiberxavfsizlik choralarini ko‘rishga qaratilgan. 

O‘zining yakuniy so‘zida general-leytenant Landrum NATOning energiya xavfsizligini oshirishga qaratilgan ambitsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan bugungi almashinuvlar muhimligini ta’kidlagan. 

“Hamkorlar bilan birgalikda yanada barqaror va ishonchli energiya manbalarining muqobil variantlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Harbiy qo‘mitaning bunday sessiyasi ushbu jihatlar bo‘yicha fikr almashish uchun mukammal platforma yaratadi. Bugungi munozaralar ushbu mavzu bo‘yicha keyingi almashuvlarga zaruratni, shuningdek, NATO ittifoqchilari va hamkorlari o‘rtasida yanada ko‘proq hamkorlik qilish salohiyati mavjudligini ko‘rsatadi”, degan NATO Harbiy qo‘mitasi raisi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing