O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida 16 ta hujjat imzolandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 4 oktyabr kuni Budapesht shahrida O‘zbekiston va Vengriya delegatsiyalari o‘rtasida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi.

Hujjatda muzokaralar do‘stona, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etilgan, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi. Bular:

•    2023-2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur;

•    Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi;

•    Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi;

•    Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

•    Fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, bojxona, adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik, investitsiya sohalarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi akademiyasi va Vengriya Davlat xizmati universiteti, Samarqand viloyati va Xaydu-Bixar okrugi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Tashqi ishlar va savdo instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga ikki kunlik rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Vengriya

Baholaganlar

128

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing