O‘zbekiston va Tojikiston armiyasi hujumni qaytarishga shay bo‘lishi kerak — Shoygu

Olam

image

Afg‘onistonning O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegarasini “Tolibon” harakati nazorat qilmoqda, shu sababdan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti jangarilarning ehtimoliy hujumiga tayyor turishi kerak. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara ham “Tolibon” nazoratiga olingani biz uchun muhim. Afg‘onistondan bo‘ladigan giyohvand moddalar savdosi, jangarilarning O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston orqali mamlakatimizga kirish xavfi kamaymaydi”, degan Shoygu “Ma’nolar hududi” yoshlar forumida.

Mudofaa vaziri Rossiya uchun uning KXSHTdagi ittifoqchilari bunga tayyor bo‘lishi muhim ekanini qayd etgan va bu uchun barcha ishlar qilinayotganini aytib o‘tgan.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari “Tolibon” harakati qo‘shni davlatlarga hujum qilmasligini aytib kelayotgan bo‘lsa-da, ehtimoliy provokatsion hujumlarni qaytarishga shay bo‘lishi kerak.

Avvalroq, O‘zbekiston, Rossiya va Tojikiston tojik-afg‘on chegarasi yaqinidagi “Harb maydon” poligonida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Shoygu

Baholaganlar

388

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing