O‘zbekiston va SIWI suv diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytiradi
Jamiyat
−
12:46 257 2 daqiqa
Butunjahon suv haftaligi – World Water Week 2026 doirasida Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Temur Butunboyev Stokgolm xalqaro suv instituti (SIWI) ijrochi direktori Xelena Taybel bilan uchrashdi.
Muloqotda suv diplomatiyasi va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar almashinuvi, mutaxassislar tayyorlash hamda amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Temur Butunboyev Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqotning yangi mexanizmi shakllanganini ta’kidladi. Xususan, 2018 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali platformaga aylangan.
Shuningdek, Ostona bayonotida O‘zbekistonning 2026–2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekistonning 2027–2029 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirish istiqbollarini ham muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Xelena Taybel va SIWI vakillari joriy yil kuzida Samarqandda o‘tkaziladigan Suvni tejash bo‘yicha xalqaro forumga taklif etildi.
World Water Week 2026 doirasida Temur Butunboyev qator yuqori darajadagi uchrashuvlar ham o‘tkazdi.
Jumladan, Yevropa komissiyasining atrof-muhit, suv barqarorligi va raqobatbardosh sirkulyar iqtisodiyot masalalari bo‘yicha komissari Jessika Ruzval, shuningdek, BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti direktori, professor, 2026 yilgi Stokgolm suv mukofoti laureati Kave Madani bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi