Iroqda milliard-millard pul bor. Supurib olish kerak!

Biznes

2026 yil 14 yanvar kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan forum O‘zbekiston va Iroqdan 150 nafardan ortiq tadbirkorlar va ishbilarmon doira vakillarini bir maydonda jamladi. Forumda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, savdo-sanoat palatalari va tarmoq birlashmalari vakillari, shuningdek ikki mamlakat biznes doiralarining 150 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi. 

Forum davomida Iroq tomoni vakillari, jumladan Iroq Savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayri, Iroq Milliy investitsiyalar komissiyasi va Iroq Iqtisodiy Kengashi rahbariyati ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston biznesi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan institutsional hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Mazkur forum o‘zbek-iroq ishbilarmonlik hamkorligi tarixidagi ikkinchi biznes forumi bo‘ldi. Birinchi shunday forum esa 2025 yil dekabr oyida Bag‘dod shahrida o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlarning izchil tashkil etilishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotning bosqichma-bosqich va tizimli tus olayotganini, shuningdek, tomonlarning aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan amaliy savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga o‘zaro qiziqish borligini yaqqol namoyon etadi. 

Iroqlik tadbirkorlar o‘zbek bozorini katta imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. O‘zbek biznes vakillari esa Iroqda ishonchli hamkor va ishlab chiqarish uchun yangi manzillar izlamoqda. Tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovga ko‘ra, asosan Iroq bilan hamkorlikda urg‘u oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektr texnika va yengil sanoat sohalariga berilmoqda. Rais jurnalistning nega aynan bugunga kelib Iroq bilan biznes hamkorlik faollashayotgani haqidagi savoliga javob berar ekan, u avval Iroqda bunday bozor borligidan xabari bo‘lmagani, Iroq tomoni ham O‘zbekistondan xabardor bo‘lmay, o‘zaro oldi-berdi uchun maydon yaratilmaganini ta’kidladi. 

“Prezidentimiz topshirig‘i bilan dekabr oyida Bag‘dodga borilganda, u yerdagi imkoniyatni o‘rganildi va topshiriq to‘g‘riligi, natijasi, samaradalik o‘zini ko‘rsatdi”, deydi u. 

Iroq Ishbilarmon ayollar kengashi raisasi Shada Zuayriga ko‘ra, u Toshkentdagi forumda Iroqdagi barcha ishbilarmon ayollar nomidan ishtirok etdi. Zuayri turli sohalarga vakillik qiladi va ko‘plab bitimlarni imzolash imkoniyatiga ega. 

“Har bir soha bo‘yicha ishbilarmon ayollar bilan alohida ishlayman. Shuningdek, mebel assotsiatsiyasi va qurilish materiallari vakillari bilan yana ikki bitim imzolash masalasi hozircha muhokama qilinmoqda. Qolaversa, neft sohasi, neft-kimyo sanoati, qurilish, mebel va muhandislik yo‘nalishlarini ham qamrab olaman”, deydi u.

Tadbir davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimi muhokama qilindi. Mutasaddi tashkilotlar har qanday holatda tadbirkorlar bilan yelkama-yelka turib ishlashga tayyor ekanini bildirdi. Shunday qo‘llovdan mamnun bo‘lgan “Promeat” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Islom Mutalov logistika, yo‘l haqqi borasida hech qanday muammo qolmaganini qayd etdi.

“Ermak” brendi asoschisi Valijon Solihov esa Iroqda resurslarni ko‘pligi, yalpi ishlab ishlab chiqarish mahsulotini moliya sifatidan balandligi, sotib olish, mahsulotga bo‘lgan talab yuqori bo‘lishi o‘zbek tadbirkorlarni, o‘zbekistonliklar uchun qiziq, istiqbolli va kelajakli bozor ekanini aytdi.

Iroq-O‘zbekiston iqtisodiy forumidagi O‘zbekiston xalqining samimiy va iliq mehmondo‘stligidan mamnun bo‘lgan Iroq iqtisodiy kengashi maslahatchisi Aqil Abdulvohid Fahriddin Iroq xalqi bilan O‘zbekiston xalqini tarix, sivilizatsiya va umumiy madaniyatlar bog‘lab turishini, Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuv natijasida dori-darmon ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida iqtisodiy hamkorlik va sherikliklar yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.

“Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Iroq iqtisodiyoti va Iroq bozorida to‘laqonli va faol hamkor bo‘lishga va’da berdi. Biz, o‘z navbatida, O‘zbekiston tomonini joriy yil avgust oyida Bag‘dodda bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etishga taklif qildik. O‘zbekistonlik tadbirkorlar va O‘zbekiston hukumatiga ushbu a’lo darajadagi tashkilotchilik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildiramiz”, dedi u.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxovning qayd etishicha, Iroq oziq-ovqat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, farmatsevtika sohasida yuqori import salohiyatiga ega, bu jihatdan o‘zbekistonlik tadbirkorlarning oshig‘i olchi. 

“O‘zbekistondan Iroqqa eksport qilishga ulkan salohiyat mavjud. Xorijiy bozorga mahsulot yetkazib berish hajmi bir necha milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Bu nafaqat oziq-ovqat yoki qurilish, balki energetika va charm sanoati sohalariga ham tegishli, deydi Alisher Shayxov.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

bozor tadbirkor Iroq sanoat oziq-ovqat biznes iqtisod hamkorlik Davron Vahobov sanoat va savdo vaziri Valijon Solihov savdo-sanoat palatasi Investitsiyalar Shada Zuayri Islom Mutalov Alisher Shayxov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing