O‘zbekiston va Saudiya o‘rtasida viza tartibi soddalashtirilishi mumkin
Jamiyat
−
15 Oktyabr 575 3 daqiqa
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida viza tartibi soddalashtirilishi mumkin. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashib, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuvda joriy yil iyun oyida turizm sohasida imzolangan Harakatlar rejasini amalga oshirish, Saudiya Arabistoni investorlarini turizm infratuzilmasi loyihalariga jalb etish, turizm hududlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Saudiya Arabistoni bozorida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish, raqamli PR kampaniyalarini o‘tkazish, mahalliy sayyohlar uchun mos turpaketlar yaratish, turizm kompaniyalari hamkorligini kuchaytirish hamda viza tartiblarini soddalashtirish yuzasidan fikr almashilgan.
Bundan tashqari, ikki mamlakatdagi yirik turizm, madaniyat va ko‘ngilochar tadbirlar taqvimini almashish hamda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida ilk bor tashkil etiladigan Xalqaro turizm investitsiya forumiga Saudiya Arabistoni investorlarini taklif etish muhimligi qayd etilgan.
Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish, belgilangan vazifalarni amalga oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvini kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari uchun Saudiya Arabistoniga to‘liq vizasiz rejim mavjud emas, biroq sayyohlik va ziyorat maqsadlarida viza olish tartibi soddalashtirilgan. Xususan, O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga turizm, sayohat va Umra ziyoratini amalga oshirish uchun elektron vizani (Visit Saudi rasmiy portali orqali) onlayn tarzda oson rasmiylashtirishi mumkin.
Elektron viza 1 yil muddatga beriladi va ko‘p martalik (multi) kirish huquqini taqdim etadi. Mamlakat hududida bir yil davomida jami 90 kungacha bo‘lishga ruxsat etiladi. Bu viza turi bilan Umra ziyoratini bajarish va mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin. Biroq u rasmiy ishlash, doimiy yashash va muqaddas Haj ziyoratini amalga oshirish huquqini bermaydi (Haj uchun alohida maxsus viza va kvota talab etiladi).
Saudiya Arabistonining milliy aviakompaniyalari (Saudia, Flynas) xizmatidan foydalanib, boshqa mamlakatlarga uchayotgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun 96 soatgacha (4 kun) amal qiluvchi bepul tranzit vizasi taqdim etiladi. Bu vaqt ichida Umra amallarini bajarish va Madina hamda Makka shaharlariga tashrif buyurish imkoniyati mavjud.
Saudiya Arabistoni Podshohligi fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi. Saudiyaliklar O‘zbekiston hududiga kirishda hech qanday oldindan viza rasmiylashtirmasdan, faqat amaldagi xorijga chiqish (amal qilish muddati tugamagan) pasporti bilan 30 kungacha erkin bo‘lishlari va sayohat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga kirishi bo‘yicha yangilangan tartib joriy etilishi haqida xabar berilgan edi. Xususan, endi O‘zbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan olishlari shart.
Live
Barchasi