Diqqat! Endi o‘zbekistonliklar Misrga borish uchun oldindan viza olishi shart
Jamiyat
−
20:49 1258 2 daqiqa
Diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga kirishi bo‘yicha yangilangan tartib joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, endi O‘zbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan olishlari shart. Shuningdek, turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etiladi.
Yoshga oid talablar va moliyaviy kafolatlar ham o‘zgarmoqda. Xususan, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, 40 yoshdan yuqori bo‘lgan mustaqil sayohat qiluvchilar kamida 3000 AQSH dollari miqdorida naqd moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishi lozim.
Misrga kirish chog‘ida quyidagi hujjat va ma’lumotlar taqdim etilishi shart:
- mehmonxona bron qilinganligini tasdiqlovchi hujjat;
- mobil aloqa ma’lumotlari;
- yetarli moliyaviy ta’minot tasdig‘i.
Misr hududida bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi. Shuningdek, zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan shaxslar mamlakatga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi elchixonasi fuqarolardan Misrga safarlarni rejalashtirishda ushbu ma’lumotlarni inobatga olishlarini so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Tailandga viza olish tartibi bo‘yicha tushuntirish bergan edi.
Live
Barchasi