O‘zbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

“Zug‘ulba” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tor doiradagi uchrashuvi ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Shavkat Mirziyoyev dini bir, qadriyatlari, an’analari, tili va madaniyati o‘xshash bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda eng yuksak darajaga ko‘tarilganini aytib o‘tgan. Shuningdek, davlat rahbari Ozarbayjon xalqini atoqli davlat arbobi, umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning 100 yillik yubiley bilan tabriklagan. 

Muzokaralar davomida savdo va sanoat kooperatsiyasida jadal o‘sish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan to‘ldirish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Sanoat kooperatsiyasi xususida so‘z borar ekan, Prezidentlar energetika, metallurgiya, foydali qazilmalar, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini yuqori baholagan.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasining mablag‘larini faol o‘zlashtirish muhimligi ta’kidlangan. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ularning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun hududiy ma’muriyatlar rahbarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini va muntazam uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlangan.

Shu bilan birga, transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhim. Keltirilishicha, o‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Baku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobarga oshgan. O‘zbekiston bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida ekani ma’lum qilingan.

Shu ma’noda, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Baku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini qurish choralari muhokama qilingan.

Muzokaralar so‘nggida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi, shu jumladan Madaniyat va kino kunlari, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlarining uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olingan.

Yig‘ilish davomida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, hukumatlararo komissiya hamraislari, transport va energetika, qishloq xo‘jaligi va madaniyat vazirlarining kun tartibi bo‘yicha hisobotlari tinglangan.

Yakunda davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta’sis etishga topshiriq berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing