O‘zbekiston va Xitoy vizasiz rejim masalasida muzokara o‘tkazdi

Olam

image

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Xitoy TIV Konsullik departamentining Viza siyosati va ishlari boshqarmasi direktori Son Shiyu bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilingan.

Muzokaralar chog‘ida Xitoyning viza siyosati, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish xususida fikr almashilgan.

“Xitoy tomoniga so‘ngi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik, biznes va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Hukumatimiz tomonidan O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida vizalarni liberallashtirishga ustuvor masala sifatida qaralayotgani ta’kidlanib, bu borada erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtalib o‘tildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, O‘zbekiston tomoni uchun kelgusida ham konsullik – huquqiy sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yanada erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish hisoblanishi aytib o‘tilgan.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro samarali hamkorlik natijasida ikki mamlakat fuqarolari almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanligini qayd etgan.

Boshqarma direktori Son Shiyu O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘ngi yillarda dunyo mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida olib borilgan samarali natijalarni yuqori baholab, Xitoy tomoni ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan. Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etishga kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy vizasiz rejim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing