O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish kechiktirildi
Jamiyat
−
04 aprel 2022
13192O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasidagi muntazam xalqaro avtobuslar qatnovi boshlanishi boshqa muddatga qoldirildi. Bu haqida Transport vazirligi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston hududida koronavirus infeksiyasi paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Idoralararo komissiya yig‘ilishi bayonnomasiga muvofiq qo‘shni davlatda karantin cheklovlari joriy etilgan. Shu sababli xalqaro tranzit yo‘lovchi poyezdlari va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish boshqa sanaga qoldirildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
“Ayni damda mamlakatlar o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi poyezdlari va muntazam avtobus qatnovlarini qayta tiklash yuzasidan Qozog‘istonning tegishli vazirlik va idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi xalqaro avtobus qatnovlari koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yil 16 mart kuni to‘xtatilgan edi.
Joriy yilning 1 aprel sanasidan boshlab Nukus – Beyneu – Nukus yo‘nalishidagi 647/648-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida ma’lum qilingan edi. Ammo keyinroq qo‘shni davlat tashabbusi bilan qatnovlarni yo‘lga qo‘yish kechiktirildi.
Shuningdek, joriy yilning 15 mart kuni Respublika maxsus komissiyasining O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi poyezdlar qatnovlarini hamda avtobus yo‘nalishlarida paritet asosida yo‘lovchi tashish faoliyatini karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda qayta tiklanishi ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi