O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari Samarqandda uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 22 oktyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portalida xabar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida o‘tgan forumda ikki mamlakatning barcha hududlari vakillari hamda uning doirasidagi davra suhbatida 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. 

"Hududlar rahbarlari va tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qulay sharoit yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan forumda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilayotgani ta’kidlandi", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, so‘nggi 7 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi deyarli 2,5 barobar o‘sib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida mingdan ziyod korxonalar, Qozog‘istonda esa – 3 600 dan ortiq O‘zbekiston kapitali ishtirokida korxonalar o‘z faoliyatini yuritmoqda. Forumda mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish choralari yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.

"O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishda hududlararo aloqalar haqiqiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, chegaradosh hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati bilan, Toshkent viloyati Turkiston viloyati bilan, Navoiy viloyati Qizilo‘rda viloyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yaqin aloqalar o‘rnatgan. Chegaradosh bo‘lmagan hududlarimiz ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlab, savdo-sotiq va sanoat kooperatsiya aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda", deyiladi xabarda.

Shuningdek, forumda hududlar orasida hali ishga solinmagan katta salohiyat borligi, qolaversa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga ham qiziqish juda yuqori ekani ta’kidlandi. Qardosh xalqlar o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ham muhim ahamiyatga egaligi bildirildi. O‘zbekiston-Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo forumi yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston O‘zbekistondan tovarlarni yirik import qiluvchilar orasida so‘nggi 10 yil ichida yetkazib berish hajmini ko‘paytirmagan, balki kamaytirgan yagona davlatga aylangani, 2023 yilda O‘zbekistondan Qozog‘istonga eksport hajmi 2013 yilga nisbatan 32 foizga kamaygani va qiymat jihatidan atigi 1,4 milliard dollarni tashkil etgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Samarqand O'zbekiston Abdulla Aripov Oljas Bektenov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing